Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo kriket kengashi kongressida O‘zbekiston e’tirof etildi
13:34 / 2025-07-26

Olimpiya sport turlari tizimidan o‘rin olgan kriket sport turini mamlakatimizda rivojlantirish, mahoratli sportchilarni tayyorlash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida O‘zbekiston kriket federatsiyasi tomonidan zarur ishlar olib borilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida yurtimiz kriket ustalari Hindiston, Pokiston kabi davlatlarda o‘tkazilgan turnir va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etib, zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va poytaxtimizda kriket jamoalari tashkil etilib, birinchilik, chempionat va turnirlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Kuni kecha Bangladesh poytaxti Dakka shahrida Osiyo kriket kengashining kongressida ishtirok etgan O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev Osiyo kriket kengashi ijroiya qo‘mitasi a’zolariga O‘zbekistonda kriket sport turini rivojlantirish istiqbollari xususida ma’lumot berdi.

Kongressda kriket sport turining qit’adagi rivoji, mamlakatlarda ushbu sport turini ommalashtirish borasida qilingan ishlar sarhisob qilinib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berildi.  

Mamlakatimizda kriket sport turi rivojlanish bosqichiga o‘tgani e’tirof etilib, O‘zbekiston kriket federatsiyasi Osiyo kriket kengashining to‘laqonli a’zosi ekani tasdiqlandi.

O‘tkazilgan muzokaralar, do‘stona muloqotlar yakunida joriy yilning avgust oyida Osiyo kriket kengashi a’zolari ishtirokida mamlakatimizda seminarlar, mashg‘ulotlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA