Qatar davlatining “QNA”, Bahrayn Qiroligining “BNA”, Saudiya Arabistoni podshohligining “SPA” axborot agentliklari va qator nashrlar Tehronda bo‘lib o‘tgan “Osiyo hamkorlik muloqoti” forumiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishini yoritdi.
Maqolalarda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Sa’d Al-Murayxiy, Bahrayn qirolligi tashqi ishlar vaziri doktor Abdullatif bin Rashid Az-Zayaniy, Saudiya Arabistoni podshohligi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Volid bin Abdulkarim Al-Hurayjiy bilan birga o‘n to‘qqizinchi yig‘ilish doirasida uchrashgani bayon etilgan.

Muzokaralarda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish yo‘llari ko‘rib chiqilgani ta’kidlangan.
2002 yil iyun oyida tashkil etilgan Osiyo hamkorlik muloqoti tashabbusiga 35 davlat qo‘shilgan.

Bu galgi rasmiy uchrashuvda Osiyoning ko‘p tomonlama muloqotlarga yondashuvi, hamkorlik yo‘nalishlari, ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek G‘azodagi harbiy harakatni to‘xtatish zarurati va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA