Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo davlatlari aeroport nazoratini kuchaytirmoqda
13:37 / 2026-01-29

Hindistonda xavfli “Nipah” virusi tasdiqlangandan so‘ng Tailand, Singapur, Gonkong va Malayziya hukumatlari aeroportlarda sanitariya-nazorat choralarini kuchaytirdi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ko‘rshapalaklar orqali yuqadigan “Nipah” xastaligi isitma, miya yallig‘lanishi kabi og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Mutaxassislar virusdan o‘lim darajasi 40-75 foizni tashkil etishiga e’tibor qaratgan.

Ushbu zararkunanda insondan insonga ham yuqishi mumkin. Faqat bunday holat, odatda, davomli yaqin muloqot natijasida kuzatiladi. Ko‘pincha “Nipah” odamga kasallangan ko‘rshapalak yoki mazkur hasharot ifloslantirgan meva orqali o‘tadi.

Bu virus dastlab dekabr oyi oxirida Hindistonning G‘arbiy Bengal shtatida ikki kishida aniqlandi. Bemorlar sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari bo‘lib, hozir mahalliy shifoxonada davolanmoqda.

Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlar bilan muomalaga kirishgan 196 kishi aniqlanib, tekshiruvdan o‘tkazilgan. Ularning hech birida shubhali belgi kuzatilmagan, tahlil natijaslari manfiy chiqqan.

Vazirlik aholini jamoatchilik orasida tarqalayotgan asossiz va bo‘rttirilgan ma’lumotdan qochishga chaqirib, qo‘shimcha kuzatuv, laboratoriya tekshiruvi va epidemiologik nazorat choralari vaqtida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Singapur Yuqumli kasalliklar agentligi Hindistondan kelayotgan yo‘lovchilar uchun haroratni tekshirish tizimi joriy etilishini ma’lum qildi. Shuningdek, Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan axborot almashinuvini kuchaytirish, aniqlangan holatlar tahlilini xalqaro darajada muvofiqlashtirish ustida ish olib borilayotganini bildirdi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, hozircha aholi uchun keng ko‘lamli xavf mavjud emas. Buyuk Britaniyadagi Esseks universiteti virusologiya o‘qituvchisi Efstatios Giotis vaziyatni diqqat bilan kuzatish zarurligi, hozircha global inqiroz haqida gapirishga asos yo‘qligiga urg‘u bergan.

Ayni payt “Nipah” virusiga qarshi bir necha xil vaksina ishlab chiqilmoqda, preparatlar hali sinov bosqichida.

D.Hakimov, O‘zA