Bugun, 29 may kuni Janubiy Koreyaning Kumi shahrida yengil atletika bo‘yicha davom etayotgan Osiyo chempionatining uchinchi kungi musobaqalarida 8 nafar yengil atletikachimiz 4 ta yo‘nalishdagi bahslarda o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazishadi.
Chempionatning ertalabki dasturida uch nafar sportchimiz ishtirok etdi. O‘g‘iloy Norboyeva yettikurash dasturida marra chizig‘ini o‘z guruhida beshinchi bo‘lib kesib o‘tdi.
Uzunlikka sakrash dasturining saralash bahslarida Aleksandr Stepanov va Anvar Anvarov final chiptalari uchun kurashga kirishdi.

Aytish lozim, chempionat nizomiga muvofiq, uzunlikka sakrash dasturida finalga chiqish standarti 7,90 metr natija ko‘rsatish yoki eng yaxshi o‘n ikki ishtirokchi qatoridan joy olish lozim.
Terma jamoamiz a’zosi Anvar Anvarov birinchi urinishdayoq 7,97 m balandlikka sakrab, kvalifikatsiya standartini bajardi va ertaga o‘tadigan final yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Aleksandr Stepanovning dastlabki ikki urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan bo‘lsa, hal qiluvchi uchinchi sakrashda u 7,34 m natija ko‘rsatdi. Ushbu ko‘rsatkich Stepanovga ertangi finalda qatnashish huquqini taqdim etdi.
Bugun kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Asadbek Murotov va Sarvar Ismoilov nayza uloqtirish bahslarining saralashida, Hasanbek Rustamjonov 400 metrga to‘siqlar osha yugurishda, Jonbibi Hukmova va Laylo Allaberganova 200 metrga yugurish dasturida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilishadi.

Ortda qolgan ikki kunlik musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, medallar jamg‘arish borasida Xitoy terma jamoasi 11 ta oltin, 4 ta kumush bilan yetakchilik qilmoqda. Yaponiya yengil atletikachilari 3 ta oltin, 5 ta kumush, 6 ta bronza bilan ikkinchi o‘rinda, 2 ta oltin, 4 ta kumush, 2 ta bronzaga ega Hindiston jamoasi kuchli uchlikni band etib turibdi. O‘zbekistonlik yengil atletikachilar 1 ta kumush va 1 ta bronza bilan kuchli beshlikda chempionatdagi ishtirokini davom ettirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 45 ta medallar jamlanmasi o‘ynalayotgan qit’a chempionatida 39 ta davlatning 2 ming nafardan ziyod sportchilari ishtirok etmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA