Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo chempionati sovrindori munosib kutib olindi
07:45 / 2025-05-06

Yaqinda Iordaniyaning Amman shahrida boks bo‘yicha o‘smirlar va kichik o‘smirlar o‘rtasida yakuniga yetgan Osiyo chempionatida barcha yosh toifasidagi terma jamoalarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 15 ta oltin, 15 ta kumush va 12 bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Nufuzli musobaqada mamlakatimiz sport delegatsiyasining salmoqli yutuqlariga Namangan viloyati vakilasi Shodiyona Meliqulova ham katta hissa qo‘shganligini e’tirof etish joiz.

Hozirda Namangan tumanidagi 39-sonli umumta’lim maktabining 9-sinfida o‘qiyotgan Shodiyona o‘z ismiga munosib natijaga erishdi. U 50 kilogramm vazn toifasida bahslarga kirishib, finalgacha bo‘lgan bahslarda ringni g‘oliblik sururi bilan yakunladi va kumush medalga munosib ko‘rildi.

Shodiyona o‘z yashash xonadonida mahalla va tuman faollari, nuroniylar, maktab jamoasi hamda yoshlar vakillari tomonidan bayramona ruhda kutib olindi. Tantanali tadbirda qatnashgan Namangan tumani hokimi Sadriddin Mo‘minov shunday farzandni tarbiyalab, sportga mehr uyg‘otgan ota-onasi hamda ustoz murabbiylariga minnatdorlik bildirdi.

Sportchi bilan muloqotga kirishgan yoshlar vitse-chempionga havas nigohlari bilan boqishdi. O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro maydonlarda baland hilpiratayotgan chempionlar safi kengayishiga tilaklar bildirildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA