English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo chempionati Olimpiya chempionlarisiz o‘tadi
18:15 / 2022-09-28

Joriy yilning 6-16 oktyabr kunlari Bahraynning Manama shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tadigan Osiyo chempionatida 2016 yilgi Rio olimpiadasi g‘olibi Ruslan Nuruddinov va 2021 yili Tokioda o‘tgan Olimpiya o‘yinlari chempioni Akbar Jo‘rayev ishtirok etmaydi.

Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi ma’lum qildi. O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasining qayd etishicha, har ikki iste’dodli sportchimiz joriy yilning 5-16 dekabr kunlari Kolumbiyada o‘tadigan jahon chempionatiga hozirlik ko‘rmoqda. Aynan ushbu jahon birinchiligida 2024 yili Parijda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarining reyting ochkolari o‘ynaladi.

– Har ikki sportchimizning qit’a chempionatiga bormasligi sababi eng avvalo jahon chempionatiga samarali tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan. Bilasiz, kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati bu, olimpiya o‘yinlaridan keyin turadigan eng nufuzli musobaqa. Shu maqsadda, butun diqqatimizni Akbar Jo‘rayev va Ruslan Nuruddinov jahon chempionatida munosib ishtirok etishiga qaratmoqdamiz. Hozirda ular chuqurlashtirilgan mashg‘ulotlarda qatnashmoqda, – deydi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Baxtiyor Abdukarimov.

Bahraynda tashkil etilayotgan qit’a chempionatida yurtimiz sharafini 9 nafar erkak va 5 nafar ayol sportchi himoya qiladi.

Ular safida Doston Yoqubov, Adham Ergashev, Muhammadqodir Toshtemirov, Tursunoy Jabborova kabi jahon chempionati sovrindorlari bilan birga, Og‘abek To‘xtayev, Sunnatulla O‘sarov, Qurbonmurod Namozov, Jamila Panfilova Rigina Adashboyeva kabi bir qator yoshlarimiz chempionlik uchun kurashadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA