Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Osiyo bolalari” sport o‘yinlarida qatnashadigan davlatlar soni ortdi
15:48 / 2022-07-13

Joriy yilning 27 iyul – 8 avgust kunlari Rossiyaning Vladivostok shahrida o‘tadigan VII “Osiyo bolalari” sport o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi “kichik olimpiada”da 10 ta mamlakat vakillari qatnashishi bo‘yicha xabar bergan edi.

Bugun, 13 iyul kuni VII “Osiyo bolalari” sport o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi Vladivostok bahslarida qatnashishi kutilayotgan Armaniston, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Suriya, Tailand, Turkmaniston, O‘zbekiston va Rossiyaning ikkita jamoasi qatoriga Livan, Malayziya, Iordaniya va Pakiston davlatlari qo‘shilganligini e’lon qildi.  

“Osiyo bolalari” o‘yinlari direksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Mixail Sivsevning so‘zlariga ko‘ra, musobaqalar 19 ta sport turi bo‘yicha o‘tkazilib, unda eng ko‘p sportchilar sambo bellashuvlarida ishtirok etadi. 

Biz uchun e’tiborli jihat, o‘yinlarda qatnashuvchi davlatlar orasida O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokchi mamlakatlar orasida eng ko‘p sportchi bilan medallar uchun kurash olib boradi. 180 nafarga yaqin yurtimiz sportchilari o‘yinlar dasturidagi 17 sport turida maydonga chiqishadi.  

Yana bir o‘ziga xos holat, VII “Osiyo bolalari” o‘yinlarini o‘tkazish bilan bog‘liq turli tadbirlarda 26 ta mamlakatdan volontyorlar qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2019 yili Rossiyaning Saxalin o‘lkasida o‘tgan VI “Osiyo bolalari” sport o‘yinlarida 21 ta mamlakat sportchilari qatnashgan.   

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA