English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Osiyo bolalari" o‘yinlarida zafar quchgan sambochilar taqdirlandi
17:01 / 2022-09-05

Ma’lumki, joriy yil 27 iyul — 8 avgust kunlari Rossiyaning Vladivostok shahrida o‘tgan VII "Osiyo bolalari" o‘yinlarida mamlakatimizning yosh sportchilari 41 ta oltin, 28 ta kumush hamda 45 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallagan edi.

Vatanimiz sport sharafini munosib himoya etgan yoshlarning muvaffaqiyatlarini e’tirof etish keyingi g‘alabalarga zamin tayyorlashi shubhasiz.  

Shu maqsadda O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasida tadbir tashkil etildi. Unda “Osiyo bolalari” o‘yinlarida zafar quchgan yosh sambochilar, ularning ota-onalari, yaqinlari ishtirok etdi.   

Umumiy medallar jamg‘armasiga 1 ta oltin, 2 ta kumush va 6 ta bronza medallari bilan munosib ulush qo‘shgan yosh sambochilar Islom Abduzokirov, Diyora Namozova, Fotima Musayeva, Bibixonim Odilova, Shahzoda Sa’dullayeva, Ne’mat Xudoyberganov, Asadbek Matyaqubov, Azamat Abloqulov hamda Diyorbek Kuchkanov O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi tomonidan munosib taqdirlandi.   

Yosh sportchilarni taqdirlash marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov “Osiyo bolalari” o‘yinlaridagi natijalar yoshlarimizning kelgusi sport faoliyatida katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.  

Marosimda so‘z olgan ota-onalar, murabbiylar bunday e’tirof va e’tibor, davlatimiz tomonidan ommaviy sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar yutuqlarning ortishi, aholi salomatligini mustahkamlashda muhim omil bo‘lishini ta’kidlashdi.  

 

T.Ro‘ziyev,  
O‘zA