Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Osiyo bolalari” o‘yinlarida xokkeychilarimiz oltin medalli bo‘ldi
19:07 / 2023-03-04

Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatida deyarli bir xafta davom etgan “Osiyo bolalari” II xalqaro qishki sport o‘yinlari nihoyasiga yetdi.

4 mart kuni o‘yinlarning tantanali yopilish va bir qator sport turlarida g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimlari bo‘lib o‘tdi.  

Xabar berganimizdek, qit’aning 12 ta mamlakati, Belarus va Rossiyaning 8 mintaqasidan ming nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan o‘yinlarda mamlakatimiz vakillari ikkita yo‘nalishdagi bahslarda qatnashdi.  

2026 yil Milan va Kortina-d'Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lgan mazkur musobaqalar figurali uchuvchilarimizga xalqaro musobaqa taftidan bahra olish, xokkey bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi uchun g‘alabaga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash turniri sifatida yodda qoladigan bo‘ldi.  

O‘zbekiston xokkey federatsiyasi ijrochi direktori Elbek Mahmudovning bildirishicha, qishki “Osiyo bolalari” o‘yinlari xokkey bahslari ikki mintaqa – sharq va g‘arb bo‘yicha alohida o‘tkazildi. Sharq guruhida mamlakatimiz xokkeychilari, Mo‘g‘uliston va Qirg‘iziston jamoalari joy olishgandi.  

Aylana tizimdagi o‘yinlarning barchasida O‘zbekiston xokkeychi yoshlari g‘alabaga erishdi va “Osiyo bolalari” II xalqaro qishki sport o‘yinlaridagi sharqiy mintaqa xokkey bahslari g‘olibi bo‘ldi. Bu esa o‘yinlar uchun belgilangan 57 ta medallar jamlanmasidan bitta yo‘nalishdagi oltin medallar o‘zbekistonlik sportchilarga nasib etganligidan dalolatdir.  

Umumiy medallar sarhisobiga ko‘ra, umumjamoada Rossiya Federatsiyasi Sibir, Moskva, Ural jamoalari yetakchilikka erishdi. Xokkeychilarimizning oltin medallari evaziga O‘zbekiston yoshlari  19 ta sport jamoasi orasida kuchli to‘qqizlikni egalladi.  

 

T. RO‘ZIEV,

O‘zA