Rossiya Federatsiyasi Primore o‘lkasi markazi Vladivostokda VII “Osiyo bolalari” o‘yinlari boshlangandan beri koronavirus kasalligi bilan bog‘liq vaziyat ancha oshganligi kuzatildi.
Bu haqda Primore o‘lkasi sog‘liqni saqlash vazirining birnchi o‘rinbosari Tamara Kurchenko jurnalistlar bilan muloqotda aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallanish sababli murojaatlar soni iyun oyiga nisbatan uch baravar oshgan. Vladivostok shahrida hozirda 800 dan ortiq kishi ambulatoriya sharoitida davolanmoqda.
Bugun, 1 avgustdan boshlab may oyida to‘xtatilgan mintaqada aniqlangan koronavirus holatlari to‘g‘risida hisobotni yurgizish yana tiklandi. So‘nggi ikki hafta ichida Sovid-19 uchun sinovdan o‘tganlar soni ortdi.
Mazkur holat shaharda VII “Osiyo bolalari” o‘yinlari o‘tkazilayotgani sababli sport delegatsiyalari kelishi hamda yozgi sayyohlik mavsumi boshlanganligi bilan bog‘liqdir.
So‘nggi bir kun ichida Primore o‘lkasida 172 ta koronavirus bilan kasallanish holati aniqlandi. Hozirgacha o‘lkada 177 542 nafar kishi kasallangan. Vafot etganlar yo‘q. O‘lkadagi 1 102 200 nafar kishi kasallikka qarshi emlangan.
Vladivostokda “Osiyo bolalari” o‘yinlarida sportchilarimizning salomatligini nazorat qilib borayotgan shifokor Tatyana Taraliyevaning aytishicha, musobaqalarda qatnashayotgan terma jamoalarimiz a’zolarining birontasida kasallik alomatlari aniqlanmagan. O‘zbekiston sport delegatsiyasining barchasi sog‘-salomat. Sportchilarimiz tizimli tarzda salomatligini muhofaza qilish borasida ishlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugun 1 avgust kuni vakillarimiz yengil atletika, stol tennisi va ayollar kurashida medallar uchun maydonga tushadi. Basketbolchi qizlarimiz yarim finalda, sohil voleybolchi qizlarimiz 5-6-o‘rinlar uchun, yosh futbolchilarimiz saralash musobaqalarida bahslarni olib boradi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA.
Vladivostok.