Joriy yil 29 iyulidan 8 avgustiga qadar Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida yoshlar o‘rtasida “Osiyo bolalari” o‘yinlari sport musobaqalari bo‘lib o‘tgan edi.
Bu musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan sirdaryolik sportchi yoshlar tomonidan umumiy hisobda 5 ta medal – 2 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi.
Jumladan, ayollar kurashi bo‘yicha sardobalik Mashhuraxon Abdumusayeva oltin medal, erkin kurash va “Napsagay” kurashi bo‘yicha Umarbek Mo‘ydinov oltin va bronza medallari, suzish bo‘yicha Asadbek Abdumalikov kumush medal, badminton sport turi bo‘yicha Suhrobbek G‘aybullayev kumush medallarini qo‘lga kiritdi.
Shu munosabat bilan Guliston shahridagi "Yoshlar markazi"da sportchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda g‘olib va sovrindor sportchilar, ularning murabbiylari va ota-onalari ishtirok etdi.
Sportchilarga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari, ularning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA