Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo badminton federatsiyasi prezidenti O‘zbekistonda sport rivojini e’tirof etdi
15:01 / 2026-01-27

Osiyo badminton federatsiyasi prezidenti Kim Chon Su O‘zbekiston badminton federatsiyasiga tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston badminton federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov kutib oldi. Tashrif davomida Kim Chon Su badminton sport inshootini ko‘zdan kechirdi, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi hamda o‘zbekistonlik yosh badmintonchilar, terma jamoa a’zolari va murabbiylar bilan uchrashdi. Uchrashuv doirasida yosh sportchilar va terma jamoa a’zolari o‘z mahoratini namoyish etdi.

Kim Chon Su 2025 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo chempionati a’lo darajada tashkil etilganini ta’kidladi. Qayd etish lozimki, mazkur chempionatda 7 davlat — O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Eron va Mo‘g‘uliston sportchilari ishtirok etgan. O‘zbekiston badmintonchilari ham muntazam ravishda yuqori natijalarga erishib, mamlakatda sport turi rivojlanayotganini isbotlashgan.

Tashrif doirasida O‘zbekiston badminton federatsiyasi va Osiyo badminton federatsiyasi prezidenti o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu kelishuv badmintonni tizimli rivojlantirish, sportchilar va murabbiylarni tayyorlash, sport infratuzilmasini mustahkamlash hamda O‘zbekistonning milliy badminton tizimini xalqaro arenaga integratsiya qilishga qaratilgan.

Kelishuv doirasida har bir hududda kamida bitta badmintonga ixtisoslashgan sport maktabini tanlab, namunaviy rivojlanish tizimini joriy etish, Milliy federatsiya hujjatlarini Xalqaro federatsiya talablariga moslashtirish, xorijiy murabbiy va ekspertlarni jalb etish, mahalliy kadrlar malakasini oshirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik bo‘yicha kompleks dasturlarni amalga oshirish hamda O‘zbekistonda xalqaro badminton musobaqalarini tashkil etish kabi yo‘nalishlar belgilangan.  

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA