Mineral o‘g‘itlar hamda kimyoviy vositalar biologik faol birikmalar bo‘lib, ular bilan ishlash qoidalarining buzilishi inson salomatligiga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga jiddiy zarar keltiradi, oziq-ovqat mahsulotlaring sifatini pasaytiradi.
Qishloq xo‘jaligida mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalardan foydalanishning kengayish tendensiyasini hisobga olgan holda, xavfli kimyoviy moddalarning qishloq xo‘jaligiga ta’sirini maqbul xavf darajasiga qadar kamaytirish taqozo etilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida birinchi o‘qishda muhokama etilgan «O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi o‘simliklarni himoya qilish sohasini tartibga solish, sohadagi davlat boshqaruvi va nazorati, o‘simliklarni himoya qilish vositalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari belgilanmoqda.
— Mamlakatimizda o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi davlat nazorati to‘liq o‘rnatilmagan, — dedi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bosh direktori o‘rinbosari Bobur Hamroyev. — Oqibatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalardan noto‘g‘ri foydalanish holatlari ortib bormoqda. Shuningdek, ularning muomalasi, ularni saqlash, yo‘q qilish jarayonini to‘liq kuzatish imkonini beruvchi hayotiy faolligining monitoringi yo‘lga qo‘yilmagan. «O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bilan o‘simliklarni himoya qilish sohasini tartibga solish, sohadagi davlat boshqaruvi va nazorati, shuningdek, kimyoviy moddalar, biologik vositalar va materiallarni saqlash, qo‘llash, zararsizlantirish, yo‘q qilib yuborish, utilizatsiya qilish, tashish va ko‘mib tashlashga doir masalalarni tartibga solish nazarda tutilmoqda.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirar ekan, uning qabul qilinishi o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi munosabatlar tartibga solinishiga xizmat qilishini ta’kidladilar. Shuningdek, mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini mamlakat hududiga olib kirishdan boshlab, ularni muomaladan chiqarishgacha hisobga olish va monitoring qilish ta’minlanadi hamda ulardan to‘g‘ri foydalanish nazorat qilinadi.
Yig‘ilishda qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi. Yana bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilib tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA