O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti, Xitoy Fanlar akademiyasining Kunming Botanika instituti va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Pan-uchinchi qutb mintaqasida o‘simliklar xilma-xilligini saqlash tadqiqotlari chegaralari” nomli ikkinchi xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Himalay tog‘lari, Markaziy Osiyo va atrof-muhitni o‘z ichiga olgan Pan-uchinchi qutb mintaqasidagi o‘simliklarning xilma-xilligini saqlash bo‘yicha eng so‘nggi tadqiqotlar va strategiyalarni muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Simpoziumda O‘zbekiston, Xitoy, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Eron, Isroil, Polsha, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Mo‘g‘uliston davlatlarining taniqli olimlari dolzarb mavzularda taqdimot qildi. Ma’ruzalar turli ekotizimlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan bioxilma-xillikni saqlash va muhofaza qilish strategiyalarini o‘z ichiga oldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ciRMkMJTAAA" title="Oʻsimliklar xilma-xilligini asrash zarur" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>—Tadbirning asosiy maqsadi ekologik ahamiyatga ega hududda o‘simliklarning xilma-xilligini saqlash bo‘yicha tadqiqot natijalari bilan o‘rtoqlashish, muammolarni muhokama qilish va innovatsion yondashuvlarni izlash uchun maydon yaratishdan iborat, — deydi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik Komiljon Tojiboyev. —Hozirgi kunda o‘zbek olimlari olib borayotgan tadqiqotlar nafaqat O‘zbekiston hududini, balki Yevroosiyoning tog‘li hududlarini qamrab oladi va bu vazifalar oldimizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bunday vazifalarni uddalashimiz uchun esa bu kabi xalqaro hamkorlik juda ham muhim hisoblanadi.
Tadbirda O‘zbekiston va boshqa mintaqalarda bioxilma-xillikni saqlashni qo‘llab-quvvatlaydigan tegishli qonunlar muhokama qilindi. Ishtirokchilar mavjud qonunlarni qanday kuchaytirish mumkinligi, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar va ekotizimlarni yaxshiroq himoya qilish bo‘yicha tavsiyalarni muhokama qildi.
N.Rahmonova, D.Yoqubov, A.Ahmedov (video), O‘zA