Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘simliklar karantini va himoyasiga oid qonunchilik JST talablariga muvofiqlashtirilmoqda
20:07 / 2025-12-22

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishida dastlab Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati muhokama qilindi.

Fraksiya a’zolari mazkur hujjat Konstitutsiyaviy sudning davlat va jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish, uning inson huquqlarini himoya qilishdagi ta’sirchanligini oshirish hamda konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlarini kengaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Fraksiya yig‘ilishida o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining sanitariya va fitosanitariya choralariga muvofiqlashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.  

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy etish hamda mamlakatimizda yetishtirilgan o‘simlik va mahsulotlarning tashqi bozorlarga to‘siqlarsiz chiqishini ta’minlashni nazarda tutadi.

Shuningdek, yig‘ilishda “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, nodavlat sud ekspertlarining huquqiy maqomi belgilanmoqda. Advokatning so‘roviga asosan hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida davlat va nodavlat sud ekspertlari tomonidan tadqiqotlar o‘tkazish va ekspertlik fikrini berish tartiblari belgilanmoqda.

Deputatlarning takliflaridan kelib chiqib, sud ekspertizasini o‘tkazishda kasbiy sirni saqlash prinsipi kiritildi. Shuningdek, Adliya vazirligi huzuridagi Ekspert-malaka komissiyasining nodavlat sud ekspertlari qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilishi yoki aralashishi taqiqlanishi nazarda tutilgan norma bilan boyitildi.

Shu bilan birga, sud ekspertizasini to‘xtatib turish asoslari va muddatlarini qonun darajasida aniq belgilashga qaratilgan alohida modda bilan to‘ldirildi. Qonun loyihasi sud ekspertlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, ekspertiza xulosalarining ishonchliligini yanada oshirish, odil sudlovni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA