Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya va texnikalar bilan ta’minlandi
11:04 / 2022-07-30

Yurtimizga turli o‘simlik, meva va sabzavotlarning yangi-yangi turlari kirib kelishi fitosanitar xavf tahlilini o‘tkazish vazifasini yanada dolzarblashtiradi.

Ma’lumki, fitosanitar tahlil o‘simliklar, meva-sabzavotlar orqali tarqaladigan zararli organizmlarni aniqlash va xavfni bartaraf etishda bu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi har bir tadbirkor uchun har tomonlama foydali amaliyot sanaladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan brifingda qayd etilishicha, ilmiy-tadqiqot instituti joriy yilning birinchi yarim yilligida 1,6 milliard so‘m miqdoridagi laboratoriya va texnika jihozlari bilan ta’minlandi. 

Institut mutaxassislarining yetakchi xorijiy muassasalarda malaka oshirishi va tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratildi. Qishloq xo‘jaligi va biologiya fanlari markazi (CABI) va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) ko‘magida institutning 20 nafar xodimlari malakasi oshirildi. Shuningdek, sohadagi xalqaro ilg‘or tajribalar, ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha 400 nafar agronom-inspektorning tajriba almashishi ta’minlandi. 

Sohada 6 ta yangi innovatsion ishlanma yaratilib, 5 ta o‘quv qo‘llanma, 14 ta tavsiyanoma, 54 tadan ortiq ilmiy maqolalar chop etildi. Jahon bankining loyihasiga asosan yangi turdagi foydali hasharotlar - entomofaglar ko‘paytirish, iqlimlashtirish uchun zamonaviy biolaboratoriya tashkil etildi. Bu borada Rossiyaning ilmiy-tadqiqot instituti bilan ham hamkorlik asosida qator zararkunandalarga qarshi entomofaglarning “pikromerus” va “telenomus” turlari introduksiya qilinib, ko‘paytirilishi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, Butunrossiya o‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot instituti bilan imzolangan ilmiy hamkorlik memorandumi va "yo‘l haritasi" bo‘yicha boshqa yo‘nalishlarda ham tadqiqotlar olib borilmoqda.  

Shuningdek, Turkiyaning Qishloq xo‘jaligi ilmiy markazi (BATEM) bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bunda kimyoviy va biologik vositalarni sinovlarini o‘tkazishga kelishib olindi. Moldoviya, Turkiya va Rossiya kopmaniyalarning yangi turdagi feramon tutqichlari sinovdan o‘tkazildi. 

Sohani avtomatlashtirish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Xususan, institut olimlari tomonidan o‘simliklarni biologik himoya qilish sohasini avtomatlashtirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida oltinko‘z entomofagini ko‘paytirish inkubatori va trixogrammani tarqatish uskunasi yaratildi. 

Muhayyo Toshqorayeva,O‘zA