Mamlakatimizda o‘simliklarni himoya qilish sohasida nazoratni takomillashtirish maqsadida “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.
Mazkur qonun mamlakatimizda o‘simliklar himoyasi sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, unda xalqaro qoidalar milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, sohaga oid jahon standartlariga asoslangan talablar muvofiqlashtirilgan.
AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Sabina Sadinovaning ma’lum qilishicha, qabul qilingan qonun 6 bob, 39 ta moddadan iborat. Avvalgi qonunning tarkibiy tuzilmasidagi 28 ta moddadan 7 tasi chiqarib tashlandi, 21 ta moddaga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi va 18 ta yangi modda qo‘shildi.
12 va 13-moddalar bilan o‘simliklar karantini davlat inspektorlarining o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi huquqlari va majburiyatlarini belgilovchi normalar kiritildi. Pestitsidlarni boshqarish bo‘yicha xalqaro axloq kodeksida belgilangan talablar doirasida kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ro‘yxatga olish hamda ular bilan bog‘liq ishlarni xavfsiz amalga oshirishga oid talablar ochib berildi.
6-bobga o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik, o‘simliklarni himoya qilishga doir faoliyatni moliyalashtirish, nizolarni hal etish hamda o‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni belgilashga oid normalar kiritildi.
Hujjat jahon bozoriga chiqishga ko‘maklashuvchi raqobatbardosh mahalliy o‘simlik va kelib chiqishi o‘simlikka mansub qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va ishlab chiqarishni ta’minlash va mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada kengaytirish imkoniyatini beradi.
Shuningdek, qonun bilan xorijiy mamlakatlarning o‘simliklar karantini va himoyasi sohasida nazoratni amalga oshiruvchi vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilishning huquqiy asoslari takomillashtirildi.
Qonun 2024 yil fevral oyidan kuchga kiradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA