Agrar soha rivoji oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois, mamlakatimizda agrar sohani rivojlantirish, o‘simliklar genofondini saqlash, boyitish, o‘rganish va undan samarali foydalanish bo‘yicha bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutida o‘tkazilgan amaliy muloqotda shular haqda so‘z bordi.

Muloqotda Institut tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so‘z yuritildi. Qishloq xo‘jaligi ekinlari, yovvoyi va madaniy o‘simlik turlarining urug‘lari hamda ko‘chatlarini saqlash, o‘simlik irsiy xususiyatlari molekulyar-genetik usullar asosida o‘rganilayotganligi qayd etildi.
Shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda yangi navlar yaratish, suv tejovchi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Deputatlar tomonidan sohada olib borilayotgan ishlar e’tirof etilib, mamlakatda o‘simlik dunyosi genofondini saqlash va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ilmiy yondashuvlarni yanada ko‘paytirish, yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etishda tashabbuslarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida sohaga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
M.Komilova, O‘zA