Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Osilgan odamlar, bolalar va ayollar jasadini ko‘rib, dushmanga nafratim oshgan" – Xo‘jamberdi ota xotiralari «Ziyorat karvoni» loyihasida...
11:31 / 2021-05-04

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi «Yoshlar qanoti» tomonidan 9 may – «Xotira va qadrlash kuni» oldidan «Ziyorat karvoni» loyihasiga start berildi

Loyiha maqsadi tinchlik qadrini anglash, yoshlar o‘rtasida urushning shafqatsiz suronli yillari haqida tasavvur shakllantirish orqali tinch kunlarimizga shukronalik hissini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Loyiha doirasida partiyaning «ZIYORAT KARVONI» dastlab Oltinko‘l tumanida bo‘ldilar. Ular urush qatnashchisi Xo‘jamberdi ota Turg‘unov bilan yoshlar uchrashuvini tashkil etdi.

98 yoshli Xo‘jaberdi ota Turg‘unov Ikkinchi jahon urushi yillarida ham nemis-fashist bosqinchilariga, ham yapon militaristlariga qarshi janglarda qatnashib, mardlik, jasorat namunalarini ko‘rsatgan o‘zbek o‘g‘lonlaridan biridir. U Oltinko‘l tumani, Oltinko‘l qishlog‘ida tug‘ilgan.

Xo‘jamberdi ota uchun 9 may sanasi qo‘shaloq bayram. Shu kuni u G‘alaba bayrami bilan birga tavallud kunini ham nishonlaydi. Suronli urush yillari otaning nafaqat qalbida, balki jismida ham o‘chmas izlarini qoldirgan ekan. Urush harakatlarida 11 bor yaralanib, yana janglarda qatnashib, Berlinda g‘alabani nishonlash, so‘ng yapon urushida qatnashib, uzoq Sharqdan zafar bilan ona yurtga qaytish mo‘’jizadan o‘zga narsa emas.

– 1942 yilning dekabrida urushga «povestka» kelgan, – deydi ota o‘sha yillarni xotirlab. – Dastlab Rossiyaning Saratov viloyatidagi Pugachyov shahrida bir oylik tayyorgarlikdan o‘tdik. U yerlarning qishi sovuq bo‘lar ekan, ancha qiynaldik.

Jang davomida 9 ta o‘qdan yaralanganman. Bitta tankka qarshi snaryaddan og‘ir jarohat oldim. Sovet-Yapon urushida ham qatnashganman, chap oyog‘imning tizza pastidan ayrilganman. Urush davomida 11 marta jarohat oldim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, meni «Za osvobojdeniya Stalingrada», «Za osvobojdeniye Varshavы», «Za vzyatiye Berlina», «Za pobedu nad Germaniyey v Velikoy Otechestvennoy voyne 1941-1945 gg.» medallari bilan mukofotlashdi.

Bir necha safdoshlarim bilan snayperlar rotasiga qo‘shildik. Rotamiz askarlarini bo‘lib yuborardi, turli qism askarlari bilan birga yurib, ularga snayper sifatida ko‘mak berar edik. Stalingrad shahrida ilk bor jangga kirdik. Urush qiyinchiligi, dahshatlari, ayniqsa, dushmanning vahshiyligidan dastlab sarosimaga tushdim. Safdoshlarim birin-ketin halok bo‘lardi. Urushda halovat va tinchlik degan so‘zlarga o‘rin yo‘q edi. Urush dahshatlari qo‘rqinchli tushga o‘xshardi. Ushbu jang Vatan ozodligi uchun or-nomus jangi ekanligini, endi ortga qaytish uchun yo‘l yo‘q ekanligini tushundim. O‘zimni qo‘lga olib, hayot uchun kurashish kerakligini angladim, «Bir boshga bir o‘lim» deya qo‘rquvni qalbimdan chiqarib tashladim.

Ayni kuchga to‘lgan mohir snayper Xo‘jamberdi Turg‘unov kelgusi janglarda mardlik, jasorat namunalarini ko‘rsatib, ko‘plab dushmanni yer tishlatdi. U Rossiya, Ukraina, Belarus, Polsha, Estoniya davlatlarining qishloq va shaharlarini dushmandan ozod etishda ishtirok etdi. Janglarda 11 bor jarohatlandi, har gal davolanib, sog‘ayishi bilan, qadrdon quroldoshlari safiga borib qo‘shilardi.

– Urush davrida juda ko‘p dahshatli voqealarning guvohi bo‘ldim, – deydi ota. – Fashist bosqinchilarining shafqatsizligini so‘z bilan ta’riflash qiyin. Esimda, Stalingrad yaqinidagi «Mamayev kurgan» degan joy muhim strategik hudud hisoblangan. Shu yerni egallaganimizda osilgan odamlarning, kuydirilgan bolalar, ayollar jasadini ko‘rib, dushmanga bo‘lgan nafratim yuz chandon oshgan.

Xo‘jamberdi ota fashistlarning qurol-yarog‘, oziq-ovqat bazasiga aylantirilgan Tula shahri temir yo‘l vokzali uchun bo‘lgan janglarni, o‘sha jangda snayper sifatida dushmanning bir necha pulemyotchisini yo‘q qilganligini, umuman, urush xotiralarini dard, iztirob bilan gapirib berdi.– G‘alabani Berlinda kutib olganmiz, – deydi otaxon. – Bir necha kun dam olganimizdan so‘ng qismimiz temir yo‘l orqali Uzoq Sharqqa yuborildi. U yerda bir necha oy yaponlarga qarshi kurashdik. Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsin, yillar davomidagi jangu jadallardan omon chiqib, ona yurtga qaytish nasib etdi.

Janglarda ko‘rsatgan jasorati uchun Xo‘jamberdi Turg‘unov ko‘plab orden va medallar bilan mukofotlangan. Ota urushdan keyin uzoq yillar yurtimiz ravnaqi yo‘lida samarali mehnat qildi, o‘g‘il-qizlarni tarbiyalab kamolga yetkazdi.

Bugun farzand va nabiralari, el-yurt ardog‘ida yashab, yurtimiz tinchligi, to‘kin va farovon hayotimiz uchun duo qilib yashayotgan, umr yo‘llari yosh avlod uchun ibrat namunasi bo‘lgan Xo‘jamberdi ota singari piru badavlat otaxonlarimiz omon bo‘lsin.

 

Kamola ABDUVALIEVA,

«Milliy tiklanish» partiyasi

viloyat Kengashi matbuot kotibi