Oltin kuzning shifobaxsh ne’mati oshqovoq shu kunlarda dalalarimizda pishib yetildi. Ushbu mahsulot tibbiyotda astma, kamqonlik, varikoz tomirlari, pnevmoniya va shamollashni davolashda qo‘l keladi.
Qovoq urug‘i tarkibida Omega-3 yog‘ kislotalari, kaliy, kalsiy, magniy va temir ko‘p bo‘lib, bir qancha jiddiy kasalliklarning oldini olishda samarali hisoblanadi.
Joriy yilda barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kabi dehqonlarimiz oshqovoqdan ham yuqori hosil ko‘tarishmoqda.
Masalan, Sirdaryo viloyatining Sayhunobod tumanidagi 19 ta mahallada yashovchi aholida 3340 gektar tomorqa yerlari mavjud bo‘lib, xo‘jaliklarga qovoqning “Gantel” “Muskat” navi ekish tavsiya etilgandi. Sababi eksportbop ushbu mahsulotga xorijda ham talab yuqori. Natijada oshqovoq yetishtirish istagida bo‘lgan 1040 ta xonadon egalarining 210 gektar tomorqa maydonlariga ushbu navlar ekilib, yetishtirilgan hosilni sotib olish va eksportini tashkil etish bo‘yicha eksportyorlar biriktirildi.
Bu ishlarga bosh-qosh bo‘lish uchun tumanda “AGRO SAYXUN EXPORT” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil qilindi.
Ekinlarning vegetatsiya davrida talab etiladigan mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalari zaxirasi to‘liq shakllantirilib, O‘simlikliklar karantini va himoyasi agentligi davlat inspektorlari tavsiyalariga asosan joylarga yetkazib berish tizimi joriy qilindi.
Natija esa kutilganidan ham ziyod bo‘ldi. Ushbu aholi xonadonlariga ekilgan oshqovoqning har bir sotixidan o‘rtacha 3 tonnadan 3,5 tonnagacha hosil yig‘ib olinmoqda. Mahsulot omborxonalarda saralanib, ayni kunlarda Rossiya, Dubay, Latviya davlatlariga eksport qilinyapti.
Bugungi kunda o‘z tomorqasida eksportbop oshqovoqlarni ekib, parvarish qilgan honadon egalari o‘rtacha 10-12 mln so‘mgacha daromad qilmoqdalar.
Joriy mavsumda tuman aholi xonadonlari 550 tonna oshqovoq hosilini yig‘ishtirib olishdi va eksport qilish uchun omborxonalarga joylashtirishdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra tomorqalarda yana 500 tonna hosil qolmoqda. Kuzning mayin havosidan, dehqonning mehridan to‘yingan mahsulotlarni xalqimiz dasturxoniga tortiq qilish uchun shu kunlarda hosilni yig‘ib olish ishlari davom etyapti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dVk0BuLcSGE" title="Oshqovoq shifobaxsh va daromadli mahsulot" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA