Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osh tuzidagi kaliy yodid miqdorini aniqlash usullarini topgan olimni bilasizmi?
11:25 / 2025-10-07

Vatanimiz tarixidagi 7 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1499 yil (bundan 526 yil oldin) – Zahiriddin Muhammad Bobur va uning ukasi Jahongir o‘rtasida sulh tuzildi. Shartnomani imzolaganlar, uni o‘z muhrlari bilan tasdiqlab ko‘yganlar. “Andijon tarixidan lavhalar” kitobida yozilishicha, har ikki tomonning ulamo va amirlari bu hujjatga shohid bo‘lganlar. Shundan keyin Jahongir Bobur huzuriga kelib, uning ko‘nglini topgan. Bundan oldinroq Bobur Samarqandga birinchi marta yurish qilganida Farg‘onada qoldirilgan Uzun Hasan Samarqanddan (Bobur huzuridan) qochib kelgan Ahmad Tanbal bilan Andijonda Jahongirni hukmdor deb e’lon qilgan edilar. Aka-uka o‘rtasiga sovuqchilik tushib, nizo yuzaga kelgandi.

Mazkur muommoni hal etish uchun Bobur ukasi bilan sulh tuzib, viloyatning Sirdaryodan shimoldagi hududlarni ukasi Jahongir tasarrufiga berdi. Keyinchalik Shayboniyxon Farg‘ona viloyatini egallagach, Jahongir Boburga qo‘shilib Kobul tomonga yurgan, ammo yo‘lda ajralib Xurosonga ketgan. Bobur Kobul taxtini egallagach, ukasiga G‘azna hokimligini bergan. Bobur birinchi marta Hindistonga yurish qilganda, Jahongir uni podshoh deb ko‘tarmoqchi bo‘lgan fitnachilarga qo‘shilmasdan, akasiga sadoqat ko‘rsatadi (Bobur iborasi bilan tug‘ishganlik burchini ado etgan).

1895 yil (bundan 130 yil oldin) – biokimyogar, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Lev Lapin tavallud topdi (vafoti 1985 yil). U osh tuzidagi kaliy yodid miqdorini aniqlash usullarini topgan.

1922 yil (bundan 103 yil oldin) – Buxorodan 25 nafar talaba Buxoro respublikasi Maorif nozirligi tomonidan nozir muovini Ismoil Sadir rahbarligida tahsil olish uchun Turkiyaga jo‘natildi. Buxoro talabalari Boku orqali Tiflis-Botumi yo‘nalishida Buxoro respublikasi vakillari Sulaymon va Ibrohim rahbarligida Turkiyaning Samsun shahriga yetib bordilar.

1928 yil (bundan 97 yil oldin) – O‘zbekiston xalq rassomi Yevgeniy Melnikov tavallud topdi. U 1998 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

1994 yil (bundan 31 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “ Zomin davlat qo‘riqxonasi hududiy kengaytirish va uni qo‘riqlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

1999 yil (bundan 26 yil oldin) – Germaniyada tahsil olgani uchun vatan xoini va “aksilinqilobiy millatchi” sifatida ayblanib, 1938 yili 9 oktyabrda otuvga hukm qilingan o‘zbek shifokori Xayriniso Majidxonova oqlandi. Bu haqda uning jiyani Xollida Qodirova quyidagicha xotirlagan edi: “XX s’ezddan keyin onam singlisi Xayrinisoning oxirgi taqdirini surishtirib, respublika xukuq organlariga murojaat qilganlarida, ulardan xolang 1942 yili vafot etgan bo‘lsa kerak, degan sovuqqina mujmal bir xabarni oldik. Lekin Xayriniso xolam qayerda, qanday ahvolda vafot etganlarini O‘zbekiston mustaqillikka erishgunigacha bilmay yurdik. 1999 yil 7 oktyabrdagina O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining birinchi o‘rinbosari imzosi bilan xolamning tamomila oqlanganligi haqidagi qog‘ozni oldik”. 

2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “ Zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “ «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» ichki turizm yarmarkasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

 

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA