Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osakada O‘zbekiston Milliy kuni o‘tkazildi
15:16 / 2025-08-19

Yaponiyaning Osaka shahrida “Expo 2025” Jahon ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Milliy kuni nishonlandi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova va investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.

Mehmonlarga dunyoga mashhur o‘zbek raqsi – lazgi va milliy kuy-qo‘shiqlardan iborat konsert dasturi namoyish etildi. Bayram kayfiyatiga karnay-surnay sadosi, vokal ansambllari va cholg‘u jamoalari yanada shukuh bag‘ishladi. O‘zbek xoreografiyasi boy repertuari taqdim etilgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nodira Pirmatova va Mukarram Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli chiqishlari ham tashkil etildi.

“Expo 2025” ko‘rgazmasi maydoni bo‘ylab rang-barang yurish esa Milliy kun bezagiga aylandi. O‘nlab san’atkorlar, karnay-surnay sozandalari, nog‘orachi, doirachi va raqqoslar qatnashgan parad nafaqat yorqin tasvirga boy tomosha, balki yurtimizning jahon badiiy makoni faol ishtirokchisi bo‘lish sari intilishini o‘zida mujassam etgan madaniy muloqot sifatida namoyon bo‘ldi.

Tashrif doirasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Nara shahri va Nara milliy muzeyi o‘rtasida uch tomonlama o‘zaro anglashuv memorandumi ham imzolandi. Kelishuvga ko‘ra, 2027 yil Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab madaniy aloqalarga bag‘ishlangan yirik ko‘rgazma tashkil etiladi. Shuningdek, madaniy meros sohasida akademik, muzeylar va mutaxassislar aro hamkorlik kengaytiriladi.

Mazkur hujjat imzolanishini O‘zbekiston madaniy diplomatiyasini yuksaltirish yo‘lidagi yana bir dadil qadamdir. Zero, mamlakatimiz Yaponiya bilan turli madaniy yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada mustahkamlab, madaniy merosimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etib kelmoqda.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA