Ma’lumki, Xalqaro olimpiya qo‘mitasining etika komissiyasi talabi asosida joriy yilning sentyabr oyida Shveysariya sudi tomonidan Osiyo olimpiya kengashi (OSA) prezidenti shayx Ahmadga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, shayx Ahmad OSA rahbarligini majburiy tarzda vaqtincha tark etgandi.
1991 yildan beri qit’aviy olimpiya qo‘mitasini boshqarib kelgan Quvayt vakili Shayx Ahmad al-Faxad al-Sabax Shveysariya sudining qarori g‘ayriqonuniy tarzda qabul qilinganligini ta’kidlab, OSA rahbarligini vaqtincha tark etgandi. Hozirda uning vazifasini hindistonlik OSA vitse-prezidenti Randxir Singx olib bormoqda.
OSA prezidentligidan ketgan shayx Ahmad joriy yil noyabr oyi boshida Osiyo gandbol federatsiyasi (AHF)ning onlayn kongressida qit’aviy tashkilot rahbarligiga saylangandi. Ammo Xalqaro olimpiya qo‘mitasining etika masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Pakerett Jirar Zappelli Xalqaro gandbol federatsiyasi prezidenti Xasan Mustafoga rasmiy murojaaatnoma yo‘llab, AHF rahbarligiga “istalmagan kishi”ning kelishi xalqaro talablarga zid ekanligini ta’kidlagan.
Kecha, 12 noyabr kuni mazkur masala xususida shayx Ahmad Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga yo‘llagan murojaatnomasida ta’kidlashicha, u AHF rahbarligini vaqtincha tark etayotganligini, qit’aviy gandbol federatsiyasi yetakchiligini yaponiyalik Yoshixida Vatanabi olib borishini aytib o‘tgan, deyiladi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi xabarida.
Xabarda keltirilishicha, OSA sobiq rahbari bundan avval Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi (ANOC) prezidentligidan hamda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mita a’zoligidan ham vaqtincha mosuvo etilgandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA