Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orzularim maqsadga aylandi
13:19 / 2022-12-03

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishdan asrash, harbiy sohaga qiziqtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Davlatimiz rahbarining 2022 yil 2 martdagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori muhim omil bo‘lmoqda.

Mazkur qaror ijrosi doirasi Qarshi shahridagi O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Qarshi tumanidagi 49-maktabning bir guruh bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilim yurtiga tashrif buyurdi.

O‘quvchilar bilim yurtida kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayoni, taktik mashg‘ulotlar xonalari va sport zali faoliyati bilan tanishdi.  

– O‘quvchilarning harbiy sohaga qiziqishi yuqori, – deydi 49-maktabning chaqiruvga qadar yoshlarni boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik fani rahbari Xayri Abdurahimov. – Maktabda 10-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘lgan “Vatan tayanchi” otryadi tuzilgan. Ushbu otryad a’zolari ixtiyoriy shakllantirilgan. Ularni belgilangan grafik asosida harbiy qismlarga, harbiy ta’lim muassasalariga sayohatga olib boramiz. Ushbu tadbirlarni o‘quvchilar intiqlik bilan kutishadi.  

Bilim yurtida yaratilgan shart-sharoitlar o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.  

– Kelajakda men ham kursant akalarim kabi uchuvchi bo‘lishni orzu qilaman, – deydi 10-sinf o‘quvchisi Adham Temirov. – Bugun aviatsiya bilim yurtini aylandik, uchuvchi harbiy texnikalarni yaqindan tomosha qildik. Hatto trinajyorni boshqarib ko‘rdik. Bularning barchasi bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Orzularim maqsadga aylandi.  

O‘lmas Barotov, O‘zA.