Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orzular ushaldi: Har kunning oʻz tongi bor (+video)
10:31 / 2020-06-20

Jizzaxlik Dilfuza Yusupova boshidan ne qiyinchiliklar oʻtmadi. Hammasiga bardosh berdi, sabr qildi.


Jizzaxlik Dilfuza Yusupova boshidan ne qiyinchiliklar oʻtmadi. Hammasiga bardosh berdi, sabr qildi.

...Eri toʻrt farzandi bilan koʻchaga haydadi. Tugʻishganlariga “ogʻir yuk” boʻlishni istamagan opa bolalari bilan koʻp yillar ijara uylarda yashab yurdi, tinimsiz mehnat qildi. Ulgʻayib kelayotgan toʻrt farzandni yedirib-ichirish, taʼlim-tarbiya berishning oʻzi boʻladimi, axir. Uysiz yashash, ijarama-ijara sarson yurish, tegishli tashkilotlarga boshpana soʻrab qilingan murojaatlarning javobsiz qolishi opaning qaddini bukdi, lekin irodasini sindira olmadi, umidi soʻnmadi.

Dilfuza opaning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasiga yoʻllagan birinchi murojaatiyoq tegishli tashkilotlar tomonidan eʼtiborga olinib, yangi uy ajratildi.

– Inson dunyoga kelib, bir olam orzular bilan ulgʻayadi. Ayniqsa, qiz bolaning orzulari samolarni tutar ekan, – deydi endilikda Jizzax shahar “Zilol” MFYdagi oʻz uyida yashayotgan D.Yusupova. – Afsuski, taqdir har doim ham istaklarimizga xayrixoh boʻlmas ekan. 11 yil birovlarning uyida yashadik. Har qancha urinmay, 4 farzandim bilan tortgan “koʻch-koʻch”larning zahrini tushuntirib berolmayman. Olloh nolamni eshitdi, davlatimiz qoʻllab-quvvatladi – men va menga oʻxshagan turmush aravasini yolgʻiz tortayotgan ayollar uyli-joyli boʻldi.

Qurilish vazirligi bergan maʼlumotga koʻra, mamlakatimizda 2017-2019-yillarda 17 mingga yaqin uy qurilib, foydalanishga topshirilgan. 2019-yilning oʻzida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 mahallada keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Kam taʼminlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 ming oilaga, jumladan, nogironligi boʻlgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard soʻmdan ziyod boshlangʻich badal toʻlab berildi.

“Oʻzshahar qurilish invest” IK tomonidan 2017-2019-yillarda 1007 koʻp qavatli arzon uy-joy bunyod etildi. Mamlakatda yangi ipoteka tizimi joriy etilmoqda. Viloyatlardagi shaharlar va Toshkent shahrida 18 mingga yaqin hamda qishloqlarda 4 mingta uy-joy xususiy sektor tomonidan quriladi. Davlat banklar oʻrtasida sogʻlom raqobatni taʼminlash maqsadida mablagʻlarni auksionlar orqali ajratadi. Kam taʼminlangan aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olish uchun boshlangʻich badal va kredit foizini qoplashga byudjetdan subsidiya taqdim etiladi.

Bugungi kunda uylarning narxini tushirish va sifatini oshirish uchun innovatsion qurilish materiallarini keng qoʻllash boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda. Loyihalarda, zamonaviy qurilish materiallari, jumladan gazobeton, penoblok, kompozit materiallardan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Matluba Daliyevaning koʻzi ojiz. Shunga qaramay singlisi va ikkinchi guruh nogironi boʻlgan voyaga yetmagan ukasini qaramogʻiga olgan. Oʻzi esa Jizzax shahar 10-umumtaʼlim maktabida musiqa madaniyati fanidan dars beradi.

– Baxtni har kim turlicha tushunadi. Men uchun eng baxtli inson oʻz uyi bor kishidir, – deydi Matluba opa. – Inson qiyinchiliklardan choʻchimay, maqsad sari intilsa, albatta, niyatiga yetar ekan. Uysiz sarson-sargardonlikda yashash qanday azob ekanini hamma ham tushunavermaydi. Boshimga tushgan tashvishlarni aytsam, hech kim ishonmaydi. Shukur, hammasi ortda qoldi. Lekin ogʻir damlarda ham tushkunlikka tushmadim. Koʻchada qolib ketgan kunlarimiz ham boʻldi. Mana, endi bizning ham oʻz boshpanamiz bor.

Birgina Jizzax viloyati misolida eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2019-yilda ogʻir turmush sharoitida yashovchi 409 xotin-qizga uy-joy berilgan. 110 xotin-qizga Xotin-qizlar va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 1 milliard 645 million 400 ming soʻm miqdorida uy-joyning 10 foizi miqdorida boshlangʻich toʻlov amalga oshirilgan. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Jizzax shahrida 6 ta 7 qavatli 236 xonadonli, Sharof Rashidov tumanida 11 ta 4 qavatli 264 xonadonli uylar qurilishi davom etmoqda.

– Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan taʼminlash, turmush sharoitini yaxshilash, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi Jizzax viloyat hokimining oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi Nazira Muxtorova. – Viloyatimizda keyingi yillarda 3 ming 500 ga yaqin oila uy-joy bilan taʼminlandi. Nogironligi boʻlgan fuqarolarga ipoteka krediti asosida imtiyozli uy-joylar ajratildi. Joriy yilda kam taʼminlangan oilalar uchun 154 xonadonli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Albatta, bu ishlar davomli boʻladi.