Mamlakatimizda sportga, ayniqsa, xotin-qizlar sporti rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hatto, chekka-chekka qishloqlarda ham yosh qizlarning sport bilan shug‘ullanishlari, o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Shu bois ham, yurtimiz yoshlari orasida chempionlar, turli xalqaro musobaqalar g‘oliblarining safi yildan-yilga ortib bormoqda.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Dilshoda Usmonovani yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va Osiyo chempioni sifatida ko‘pchilik yaxshi taniydi.
Dilshoda Usmonova 2005-yilda Jalaquduq tumanining Xo‘jatepa mahallasida tavallud topgan. Oiladagi to‘rt farzandning uchinchisi. U bolaligidanoq o‘zi tahsil olgan tumandagi 16- umumta’lim maktabida sport bilan shug‘ullandi.
2017-yilda Jalaquduq tumani 1-son bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiysi Nodirbek Yusufjonov 12 yoshlik qizaloqdagi intiluvchanlik, tirishqoqlikni ko‘rib, uni sport maktabiga taklif etdi. Shu tariqa Dilshoda Nodirbek Yusufjonov rahbarligida yengil atletikaning sirlarini puxta o‘rgandi. Tuman, viloyat, respublika miqyosidagi turli musobaqalarda ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi.
– Ayniqsa, 2022-yil Dilshoda uchun juda muvaffaqiyatli kelgan. U Quvayt davlatida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Qolaversa, 200 metrga to‘siqlar osha yugurish bahsida ko‘p yillardan buyon yangilanmagan Osiyo rekordini yangiladi. Bunday yuqori natijaga erishish, albatta, oson kechmadi, – deydi ustozi Nodirbek Yusufjonov.
Dilshoda Usmonova erishgan yutuqlari tufayli 2023-yilda Andijon davlat pedagogika institutining jismoniy madaniyat fakultetiga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilindi. Iqtidorli sportchi 2025-yilda ham mamlakatimiz chempionligini qo‘lga kiritdi. Koreyada kattalar o‘rtasidagi o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi, Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo chempionatida 3000 metrga to‘siqlar osha yugurish bahsida 10 minut 6 sekundlik natija bilan mamlakatimiz rekordini yangiladi.
Ayni kunda Dilshoda institutda o‘qish bilan birga, Qo‘rg‘ontepa tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabida yoshlarga yengil atletika sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Shuningdek, joriy yilda bo‘lib o‘tadigan qator respublika va xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
[gallery-27807]
– Hozirda musobaqalarga astoydil tayyorgarlik ko‘ryapman, – deydi Dilshoda. – Bu yil o‘tadigan musobaqalarda ham g‘olib chiqishni o‘z oldimga maqsad qilganman. Qolaversa, asosiy maqsadim, kelgusida jahon chempionati hamda Olimpiada o‘yinlarida g‘olib bo‘lish. Buning uchun bor imkoniyatlarimni ishga solaman. Maqsad va orzularimni, albatta, ro‘yobga chiqaraman.
Yurtimizning umidli sportchilaridan biri Dilshoda Usmonovaning orzulari ulkan, niyatlari ulug‘. Ishonamizki, chempion qizning ezgu niyatlari, albatta, ijobat bo‘ladi. Chunki unda shijoat, fidoiylik, ertangi kunga umid, Vatanga muhabbat, xalqaro maydonlarda yurtimiz shuhratini yuksaklarga ko‘tarishga bo‘lgan kuchli ishtiyoq bor.
Фахриддин Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA.