Davlat mukofoti sovrindorlari
Barcha qizlar qatori u ham bolaligidan Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lishni orzu qilardi. Maktabda o‘qib yurgan chog‘laridayoq yozgan she’rlari, kichik hikoyalarini to‘plab tanlovga hujjat tayyorlashdan erinmasdi. Lekin orzulari orzuligicha qolib ketaverardi.
– Nechukdir jamiyatimizda bu mukofot atrofida aylanib yuradigan turli “gap-so‘zlar”ga e’tibor bermay har yili qayta-qayta hujjat topshiraverdim, tuman, viloyat, respublika suhbatlariga qatnashishni kanda qilmadim. Suv tog‘dan toshga urilib shirin bo‘lgani kabi, maysa asfaltni qayta-qayta yorib chiqqandagi matonati kabi shu maqsadimga erishish yo‘lida chekinmadim, yutqazganimni tan olmadim. Garchi bu mukofot imtiyozlaridan, deylik oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish imkoniyati menga lozim bo‘lmasa ham va yana garchi, garchilarga qaramay ortga chekinish xayolimga kelmadi, – deydi bugun o‘ttiz yoshida bolalikdagi orzusiga erishgan, bu yil xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga loyiq ko‘rilgan Nargiza Yunusova.
Nargiza Samarqand viloyatining Toyloq tumani Ravot qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan. Oiladagi ma’rifiy muhit, farzandlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilgan e’tibor sabab Nargizadagi ilmga ishtiyoq, ijodiy qobiliyat o‘zini ko‘rsata boshlagach, uni qishloq maktabidan poytaxtdagi “Nafis” san’at liyetsiga o‘qishga qabul qilishdi. Bu yerda esa u o‘zi kabi iste’dodli tengdoshlari bilan yana ham ko‘proq o‘qidi, izlandi, iqtidorini namoyon etishga intildi. Adabiyot, san’at, madaniyatning betakror olami zavqidan bahramand bo‘ldi.
Litseyni bitirgach, 2012-yilda O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdi. So‘ngra O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti magistraturasida tahsil oldi. Nargiza o‘zi aytganidek, Zulfiya nomidagi mukofotni faqatgina oliy o‘quv yurtiga imtiyozli o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lish uchun olishni maqsad qilganida unda bunga zarurat qolmagandi. Ammo u oldiga qo‘ygan maqsadiga yetish uchun ijodda ham, jurnalistik faoliyatida ham astoydil harakat qildi. Va bu harakatlari besamar ketmadi. “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘ldi, “Oltin qalam” milliy mukofotini qo‘lga kiritdi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining “Atirgul” tanlovi g‘oliblari qatorida e’tirof etildi. Shuningdek, uning ijodiy ishlari Oliy Majlis Senati tomonidan o‘tkazilgan “Gender tengligi faoli” tanlovida, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan tanlovda yuqori baholandi. Bu davr oralig‘ida uchta kitobi chop etildi. Bir so‘z bilan aytganda, yosh bo‘lishiga qaramay, har bir yigit-qiz havas qilgulik yutuq va muvaffaqiyatlarga erishdi.
– Jurnalistikaga qiziqishimga ko‘proq onam sababchi bo‘lganlar, – deydi Nargiza. – U kishi ko‘p kitob, gazeta o‘qiydilar, televizorda xotin-qizlar bilan bog‘liq yangiliklarni albatta eshitib, mag‘zini chaqardilar. Mahallada ayollar masalalari bilan ishlaganlari uchun uyimizga turli muammolari bilan xotin-qizlar ko‘p kelar, onam ularni hal qilmasdan uylariga jo‘natmasdilar. Jurnalistika sohasida o‘qigach, aynan ayollar muammolariga ko‘proq to‘xtalishimga ham onamning kuyunchakliklari sabab bo‘ldi. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olganimda ustozlarimning menga bildirgan ishonchlari sabab, talabaligimdayoq maqolalar yozdim, videolavhalar tayyorlashga intildim. Shu tariqa ketma-ket, asosan, xotin-qizlar huquqlari masalalarida reportajlar tayyorladim.
Nargiza ayni paytda jurnalistik faoliyat bilan birga shu sohada ilmiy ish qilishga ham bel bog‘lagan. Yana o‘z oldiga katta-katta maqsadlar qo‘ygan.
– Men bugun shuni angladimki, inson faqat orzu bilan cheklanib qolmasligi, unga erishish uchun qat’iy maqsadi bo‘lishi va shunga mos mehnat qilishi kerak ekan, – deydi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Nargiza Yunusova. – Va bu vaqti kelib o‘z natijasini beradi. Men bugun bolalikdagi oruzimga erishgan bo‘lsam-da, bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasman, lekin balandparvoz va’dalar ham bermayman. Ammo shuni ayta olamanki, oilam bilan, nasib etsa, 3 nafar farzandimni risoladagidek tarbiya qilishga, insoniyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi har qanday ilmni o‘rganishi uchun imkoniyatim yetgunicha harakat qilaman.
Qishlog‘imizning ma’rifatni, ilm olish va kitob o‘qishni barcha yumushlaridan baland ko‘radigan, kitobning qora harflaridan hayotning oydin yo‘llarini izlagan aholisi uchun zamonaviy kutubxona tashkil etishni niyat qildim. Bir paytlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida yuta olmagan bo‘lsam ham, kelgusida mana shu kutubxonada kitob o‘qib, yoshligining eng qimmatli vaqtini mutolaaga sarflab, muvaffaqiyatini ilmdan topadigan yoshlarga kamarbasta bo‘lishni niyat qildim. Ziyoli onalar, ziyoli otalar, ziyoli bolalar bilan tafakkuri, fikrati teran, shu orqali moddiy hayoti farovon oilalarimiz ko‘payishi uchun ham qalamim, ham qadamim bilan xizmat qilishni niyat qildim. Nargizaga bu ezgu niyat va maqsadlari yo‘lida omad tilaymiz.
G‘olib Hasanov, Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari