Termiz shahridagi Ro‘zi Choriyev nomidagi Surxondaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida XDP viloyat kengashi nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun “Orzular dunyosi”, deb nomlangan aksiya tashkil etdi.
Viloyat nogironlar jamiyati, viloyat madaniyat boshqarmasi, Ro‘zi Choriyev nomidagi Surxondaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati va boshqa hamkorlar bilan o‘tkazilgan tadbirda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor iste’dodli yoshlar ishtirok etdi.

Nogironligi bo‘lgan yoshlarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish va ularga o‘z iste’dodlarini namoyon etish imkonini yaratish, jamiyatdagi faol ishtirokini ta’minlash, ijtimoiy inklyuziyani kuchaytirish va ularni qo‘llab-quvvatlab, ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka taqdim etish, ijodiy hamkorlik va tajriba almashish muhitini shakllantirish kabi maqsadlarga yo‘naltirilgan aksiya doirasida qo‘l mehnati yarmarkasi va ishtirokchilar tanlovi ham tashkil etildi.

Aksiya ishtirokchilari rasmlar, grafika, haykaltaroshlik, san’at installyatsiyalari kabi o‘z ijodiy ishlarini nufuzli hakamlar hay’atiga taqdim etdi. Shuningdek, yarmarkada namoyish etilgan qo‘l mehnati ishlarini ham hakamlar hay’ati e’tibor bilan ko‘rib chiqdi. Har ikki bosqichda yetarli ball to‘plagan qatnashchilar g‘oliblar safidan o‘rin oldi.

Tadbir yakunida Termiz shahrilik Sofiya Valiyeva faxrli birinchi o‘rinni egallab, aksiyaning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin sherobodlik Gulsora Bo‘riyevaga nasib etdi. Termiz tumanilik Farzona Samadova uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri