English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orzular amaliyotga, chin voqelikka aylanmoqda...
17:14 / 2022-01-31

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston strategiyasi» kitobining ilk sahifasi «Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish, istak, sub’ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan ob’ektiv vaziyatdir», degan ta’rif bilan boshlanadi.

Bugun yosh avlod ongida Uchinchi Renessans sari dadil odimlab borayotgan yangi O‘zbekistonga munosib bo‘lish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini shakllantirish vazifasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, yangi jamiyatning navqiron avlodi nafaqat puxta bilimli, yuksak salohiyatli, balki o‘z taqdirini mamlakat taqdiri bilan chambarchas bog‘lab, ijtimoiy faollikni munosib namoyon eta olishi muhimdir.

Bu borada Prezidentimizning «Yangi O‘zbekiston strategiyasi» asari mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish nuqtai-nazaridan amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar va islohotlarning maqsadi, mazmun-mohiyati hamda ustuvor yo‘nalishlari, milliy taraqqiyotimizning istiqbollari haqidagi muhim manbadir. Ushbu kitob xalqimizning taraqqiyot davri asoslarini yaratish bilan bog‘liq ezgu orzu-intilishlari, ularni amalga oshirish borasidagi eng muhim vazifalarni atroflicha tahlil etishga xizmat qiladi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, asarda yaqin va o‘rta istiqboldagi yangi O‘zbekiston qiyofasi mutlaq aks ettirilgan. Asarni o‘qir ekanmiz buni tasavvur qilish mushkul emas.

So‘nggi besh yil mamlakatimizning har bir fuqarosi o‘z kundalik hayotida teran his etayotgan beqiyos o‘zgarish, yangilanish va tub islohotlar davri bo‘ldi. Men ushbu davrni mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash, jumladan, veterinariya va chorvachilik sohasida olib borilayotgan islohotlar misolida faxr bilan tilga olaman.

Xususan, Davlatimiz rahbarining 2017 yil 1 iyundagi PF-5067-son va 2019 yil 28 martdagi PF-5696-son Farmonlariga asosan veterinariya, chorvachilik va naslchilik sohasida davlat boshqaruvi tizimi tubdan takomillashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etildi.

Sohani rivojlantirishda mahsulot yetishtirish, ishlab chiqarish, qayta ishlash va realizatsiya qilishda «Xo‘jalikdan dasturxongacha» tamoyili asosida mexanizm yo‘lga qo‘yildi hamda avval bo‘lmagan yangilangan boshqaruv tizimi joriy etildi.

Bunda, chorva mollarining naslini yaxshilash, ozuqa bazasini yanada mustahkamlash, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishda yirik tadbirkorlik sub’ektlari ulushining oshirilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, naslchilik-seleksiya ishlarini yuritishning ilmiy asoslangan innovatsion uslublarini joriy etish, qishloq xo‘jaligi hayvonlari orasidagi epizotik osoyishtalik hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.

Mamlakatimizda yaratilgan faol investitsion muhit qator xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarini turli soha va tarmoqlarga grant va imtiyozli kredit mablag‘larini jalb etishiga asos bo‘ldi. Jumladan, so‘nggi 5 yil davomida veterinariya va chorvachilik sohasini yanada rivojlantirish maqsadida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi, Osiyo taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti xalqaro jamg‘armasi tomonidan 466 mln. dollar miqdoridagi imtiyozli mablag‘lar jalb qilindi. Shundan 25 mln. dollari grant mablag‘lari hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari «Yangi O‘zbekiston strategiyasi» asarida xalqimiz manfaatlari, aholining farovon hayot kechirishi, xalq davlat uchun emas, balki davlat organlari xalq uchun xizmat qilishi lozimligi to‘g‘risida bir necha bor to‘xtalib o‘tadi.16:22Ushbu jumlalarni o‘qir ekanman, faoliyat mazmunidan kelib chiqib, so‘nggi yillarda olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida quyidagilarni aytib o‘tish mumkin. Xususan, aholini go‘sht va sut mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashni rivojlantirish maqsadida chorvachilik klasterlari tashkil etildi. So‘nggi besh yilda chorvachilik xo‘jaliklari soni 18 032 taga yetkazildi. Shundan, qoramolchilik yo‘nalishida 7 614 ta, qo‘y va echkichilik 3 263 ta, yilqichilik 142 ta, tuyachilik 52 ta, parrandachilik 1 163 ta, baliqchilik 4 829 ta, asalarichilik 715 ta va quyonchilikda 254 tani tashkil etmoqda.

Chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 7,2 trln. so‘mlik 1 828 ta loyihalar amalga oshirilib, yangidan 21 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratildi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 132,8 mln. dollar xorijiy kredit liniyalari, 110,8 mln. dollar xorijiy investitsiyalar, 2,3 trln. so‘m bank kreditlari hamda 2,3 trln. so‘m tashabbuskorlarning o‘z mablag‘lari yo‘naltirildi. 

Asarda ta’kidlaganidek «Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar, yer maydonlarining to‘liq xususiy klasterlarga berilgani hosildorlik ortishiga xizmat qilmoqda». Chunonchi, birgina chorvachilik klasterlari uchun 2021 yilda chorva ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida ozuqabop ekinlar ekish uchun 339,7 ming gektar ajratilgan asosiy yer maydonlaridan 37 ming gektariga yangi beda, 158,5 ming gektariga silos uchun makkajo‘xori, 31,8 ming gektariga oq jo‘xori, 13,8 ming gektariga xashaki lavlagi ekinlari ekildi va bu ishlar ko‘lami yil sayin kengaytirilmoqda.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bugun Yangi O‘zbekiston orzusi amaliyotga, real voqelikka aylanmoqda. Ammo, bu oson ish emas albatta, yelkamizda katta mas’uliyat, oldinda esa ulkan vazifalar turibdi. Bu yo‘lda jipslik, hamjihatlik, bir yoqadan bosh chiqarish muhim ekanligini ham teran anglash joiz.

Jahon bozoridagi iqtisodiy vaziyat murakkablashgan bir davrda mamlakatimiz iqtisodiyotining muntazam takomillashib borishini ta’minlaydigan mexanizmlarini joriy etish, barqaror iqtisodiy taraqqiyot bilan bog‘liq vazifalarni puxta belgilab olish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etayotgani asarda alohida ta’kidlangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, amaliy natijadorlikka ko‘ra, inson manfaatlari iqtisodiy islohotlarimizning asosiy negizi hisoblanadi.

Muhtaram Prezidentimizning oqilona siyosati, iqtisodiyot sohasidagi bilim va tajribasi hamda yuksak siyosiy tafakkuri butun jahon mamlakatlarini mislsiz tahlikaga solgan koronovirus pandemiyasi sharoitida, shuningdek, mamlakatimizda yuz bergan Sardoba tumani va Buxoro viloyatlaridagi talafotlarda xalqimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va favqulodda holatni bartaraf etish borasidagi azmi shijoatida yaqqol namoyon bo‘ldi. Yurtboshimiz ushbu masalalarga alohida to‘xtalib o‘tar ekan, «Yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar va ularni bartaraf etishga qaratilgan harakatlarni el-yurtimizning mardligi va matonati, mehr-oqibati, sabr-toqati, aholi va davlat organlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida yengib o‘tilgan qiyinchiliklar» deya ta’riflaydi.

Asarni o‘qir ekansiz, so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan islohotlar birin-ketin ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, kelgusida bajarishimiz shart bo‘lgan ishlar, jumladan asarda keltirilganidek “Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy strategiyasi 2030 yilga qadar global innovatsion indeks reytingida dunyoning 50 ta yetakchi davlati qatoriga kirish va bu ulkan maqsadga erishishda inson kapitalini rivojlantirishni nazarda tutadi» kabi satrlar kishini yanada ruhlantiradi.

Iqtisodiy strategiyamizning muhim bandi — 2030 yilga qadar munosib haq to‘lanadigan 10 millionta yangi ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni bartaraf etish, ishsizlik darajasini 2030 yilda 5,2 foizga, inflyatsiyani esa 15,2 foizdan 4,3 foizga pasaytirishga erishamiz, deya qayd etilishi aniq va ko‘zlangan ulkan maqsadlar sari intilishimizga asos bo‘lib xizmat qiladi, — deyiladi asarda.16:22Shuningdek, Yangi O‘zbekiston modernizatsiyalashgan iqtisodiyotga tayanishi, bunday iqtisodiyotni shakllantirish uchun undagi davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqlarini himoya qilish va uning rolini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish zarurligi to‘g‘risidagi jumlalar har bir soha rahbari oldiga ulkan vazifalarni qo‘yadi.

Ushbu vazifalarni hal etish xususida ham aniq va lo‘nda javob mavjud: chunonchi, ushbu maqsadlarga erishish uchun, avvalo, xususiy mulkning huquq va kafolatlarini ishonchli himoya etishni ta’minlash, barcha turdagi to‘sqinlik va cheklanishlarni bartaraf etishni ustuvor vazifa, deb hisoblash ham ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz ta’lim-tarbiya, oliy ta’lim jarayonlari va ilmiy sohaga bir necha bor alohida urg‘u beradilar. Jumladan, «Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!» deya qayd etilgan jumlalar negizida juda katta ma’no mujassam. Ushbu so‘zlarni o‘qir ekanman, mamlakatimizda ta’lim sohasida, jumladan oliy ta’lim, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar ko‘z oldimda gavdalanadi.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalarining ko‘lami kengaytirilganligi har bir sohada malakali kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojlarni qondirilishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Qo‘mita tizimidagi Samarqand veterinariya meditsinasi institutining tashkil etilishi ham sohada kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish, yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, yaratilgan imkoniyatlar, jumladan, moddiy-texnik ta’minotning yaxshilanganligi, oylik maoshlarning sezilarli darajada oshirilganligi, uy-joy bilan ta’minlash va boshqa imtiyozlar joriy etilganligi professor o‘qituvchilarning faoliyatida keskin burilishga olib keldi.

Millat Sardorining «Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida islohotlarimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan jamiyatimiz a’zolarining bor bilim va salohiyati, kuch va imkoniyatlarini, butun azmi-shijoatimizni ishga solishimiz zarur. Shundagina yangi O‘zbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi», degan so‘zlari butun xalqimiz, xususan, kelajak bunyodkorlari bo‘lgan yosh avlodning ongu tafakkurini boyitishi, «Yangi O‘zbekiston — ma’rifatli jamiyat» konsepsiyasining hayotiy ahamiyati haqidagi mulohazalar alohida ahamiyatlidir.

«Yangi O‘zbekiston strategiyasi» barchamizdan fidoyilik va bunyodkorlikni talab etadi. Davlatimiz rahbarining mazkur kitobi davrimizning global muammolaridan tortib O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi barcha yo‘nalishlar, barcha tarmoqlar, jamiki sohalarning mazmun-mohiyatini ochib berish bilan birga, oldimizda turgan muhim vazifalar xususida yo‘l ko‘rsatadi.

Ishonch bilan aytamizki, mazkur asar O‘zbekistonni erkin va baxtli odamlar yashaydigan qudratli davlatga aylantirishning asosi va bugungi kunda har bir katta-kichik rahbar uchun asosiy dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.



Bahrom NORQOBILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya

va chorvachilikni rivojlantirish davlat

qo‘mitasi raisi, veterinariya fanlari nomzodi