Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orzuingiz ushalishini xohlaysizmi unda “Siypontosh”ga boring
09:56 / 2021-07-06

SAYOHAT MANZILLARI

Yurtimizda insoniyat madaniy tamaddunida beqiyos ahamiyat kasb etgan manzilgohlar ko‘p. Zarautsoy va Sarmishsoydagi qoya toshlarga muhrlangan shakllar, buddaviylik ibodatxonalari, Amir Temur g‘ori, Ustyurtdagi qadim tarix bitiklari chet ellik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Qashqadaryo vohasining Chiroqchi tumani hududidagi Quruqsoy qishlog‘i ham tarixchi, etnograf va qadimshunos olimlarning tadqiqot markaziga aylanmoqda. Baland tog‘lar qurshovidagi bu manzilgoh sir-sinoatga boy hududlardan biri. Qishloq atrofidagi qadimiy Siypantosh va Beshiktosh yodgorliklari akademik Rustam Sulaymonov tomonidan o‘rganilgan. Ular xalqimizning ijtimoiy-falsafiy hamda ma’rifiy qiyofasini belgilashda muhim o‘rin tutadi. Qadimshunoslar kamida besh ming yillik tarixga ega deb aytayotgan Siypantoshda ajdodlarimizning eng qadimgi qadriyat va an’analari, urf-odat va marosimlaridan dalolat beruvchi belgilar muhrlanib qolgan.

[gallery-3036]

Bir qaraganda ko‘zga tashlanmaydigan qoyatoshlarga chizilgan chiziqlarda aslida dastlabki san’at asari namunalarini ko‘rish mumkin. Quruqsoy qishlog‘ida nafaqat qadimiy tosh bitiklarni ko‘rishingiz mumkin, balki o‘zingizni haqiqiy tosh davriga tushib qolgandek his qilasiz. Mahalliy aholi Siypantosh ota yodgorligi deb ataydigan bu manzil haqida og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan ko‘plab rivoyatnamo gaplar borki, ularning zamirida ma’lum haqiqatlar ham mujassam. Qadimshunoslarning izlanishlari natijasi o‘laroq, yodgorlik yaqinida qadimda odamlar yashagan yirik manzilgohlar bo‘lgani ta’kidlab kelinadi.

Chindan ham toshlar ostidagi manzaralarda qachonlardir bu yerlarda odamlar yashaganiga, ularning turmush tarziga oid ko‘plab ishoralarni ko‘rish mumkin. Yodgorlikning yuza qismi silliq ko‘rinishdagi tosh bo‘lib, mahalliy aholi uni “Siypantosh” deb e’zozlaydi. Sababi, odamlar asrlar osha ushbu toshdan siypanib o‘tgan kishining yaratgandan tilagan niyati albatta amalga oshadi, deb ishonib keladi.

Bag‘ridagi sinoatni asrlardan asrlarga olib o‘tayotgan bu toshlar chetdan qaraganda sukutga cho‘mgandek. Ammo unga yaqinlashib, diqqat bilan razm solarkansiz, ularning ham moziydan allaqanday daraklarni berayotganini tushunasiz. Qoldirilgan izlar bu sirlarni chuqurroq o‘rganishga, tadqiq qilishga undayotgandek.

Aytish kerakki, mazkur manzilgohning o‘rganilmagan, ochilmagan qirralari, fanga qo‘shadigan yangiliklari, tarix zarvaraqlarini boyitishga xizmat qiladigan topilmalari bisyor. Qolaversa, bu yodgorliklar yaqin kelajakda jahon ilmiy jamoatchiligi va xorijiy sayyohlarning e’tiborini jalb qilishi, sayyohlarni qiziqishini oshirishi shubhasiz.



 

O‘lmas Barotov,

Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA