Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orzu-umidlarimiz, maqsad-intilishlarimiz bo‘y ko‘rsatadigan ko‘zgu
09:57 / 2021-12-16

Munosabat

Davlatimizning bosh Qomusi – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili o‘zbek tilidir”, deya tilimizning davlat tili sifatidagi maqomi huquqiy jihatdan belgilab berilgan, uning mavqei mustahkamlangan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi.
Shuningdek, mazkur qonunda davlat tili bilan birga yurtimizdagi barcha millat va elatlarning tillarini rivojlantirish, davlat yo‘li bilan himoya qilish, tili, dini va millatidan qat’i nazar, har bir fuqaroning o‘z ona tilida ta’lim, axborot, kerakli ma’lumot olish kabi huquqlarini kafolatlash masalalari aniq belgilab qo‘yilgan.
Ona tilimizni qadrlash, asrab-avaylash har birimizning fuqarolik burchimizdir. bugungi kunda tilimiz dunyoga bo‘ylayapti. Ko‘plab millat vakillari yurtimizga kelib o‘zbek tilini o‘rganishmoqda, turli tadqiqot ishlari olib borishmoqda. O‘zbek xalqining faxri, sport turlaridan biri sanalmish kurash bo‘yicha musobaqalarda atamalar sof o‘zbek tilida jaranglamoqda. Bu esa har birmizning qalbimizni faxru iftixorga, g‘ururga to‘ldiradi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida qayd etilganidek, “Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi”. 
O‘tgan yillar davomida o‘zbek tilining xalqaro miqyosda nufuzi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Shuni ham ta’kidlash kerakki, “Davlat tili haqida”gi qonun tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Ammo shuni afsus bilan qayd etish kerakki, o‘zbek tilini qo‘pol buzish holatlari hamon mavjud. Jamoat joylari, bino va inshootlar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlariga joylashtirilgan ayrim reklama vositalarida hali hamon e’tiborsizlik bilan (savodsizlarcha!) yozilgan ko‘plab imlo xatolari uchrayotganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Natijada ana shu xatolardan milliy qadriyatlar va ma’naviyatimizga zid ma’nodagi so‘zlar kelib chiqmoqda. 
Rasmiy hujjatimiz – fuqarolik pasportimizdagi familiyalardagi xatoliklarni gapirmasa ham bo‘ladi.
Eng achinarlisi, endigina savod chiqarayotgan farzandlarimiz o‘sha yozuvlarni ko‘rib, to‘g‘ri qabul qilishadi va dars jarayonlarida ham shunday yozishga odatlanib boradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bolalar yozganini emas, ko‘rganini ko‘proq eslab qolar ekan. Shunday ekan, har bir so‘zning to‘g‘ri yozilishiga alohida e’tibor qaratish vaqti keldi. 
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, barcha shiorlar, peshlavhalardagi xatoliklar bir xil. Bundan ko‘rinadiki, ushbu yozuvlarni buyurtmachilarga yetkazib berayotgan poligrafiya korxonalari – bosmaxonalar faoliyatini qaytadan ko‘rib chiqish va bu xil xatoliklar yuzaga kelsa, ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish lozim. Shuningdek, ularda davlat tilini yaxshi biladigan, savodli xodimni ishga olish yoxud buyurtmalarni ular o‘qib chiqib, xatosini tuzatishgandan keyingina bosishga ruxsat berish kerakligini belgilab qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shundagina yuzaga kelayotgan muammoni bartaraf etish mumkin.
O‘z ona tilini hurmat qilgan odamgina boshqa tilni ham hurmat qiladi, uni sidqidildan o‘rgana oladi. Zero, ona tilisiz insonning ma’naviy-ruhiy ildizlari sog‘lom bo‘lmaydi. 
Unutmasligimiz kerak: til – millatimiz faxri, g‘ururi. Ayni paytda orzu-umidlarimiz, maqsad-intilishlarimiz bo‘y ko‘rsatadigan ko‘zgu hamdir.

Marhabo Bo‘riyeva, Olmazor tumanidagi 234-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi