“Orzu” kemasiga xorijlik mehmon 5 ming AQSh dollari bilan xaridor bo‘ldi
Xabaringiz bor, ayni kunlarda Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tmoqda va unda bag‘dodlik usta hunarmandlar ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishyapti.
Xabaringiz bor, ayni kunlarda Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tmoqda va unda bag‘dodlik usta hunarmandlar ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishyapti. E’tiborli jihati shundaki, O‘rdaoldi maydonida milliy hunarmandchilik an’analari asosida tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasining eng gavjum nuqtasi –tadbirkor Mirzaolim Tursunov va hunarmand Baxtiyor Shermatov uchun ajratib berilgan joy bo‘lib turibdi.
Yog‘och o‘ymakorligi yo‘nalishida ishlangan katta-kichik antiqa yelkanli kemalar mashhur filmlarni yodingizga soladi. Ulardagi eng mayda detallar ham yuksak did va mahorat bilan ishlangan. Shu yaqin atrofdan o‘tayotgan kishi borki, ustaning iste’dodiga qoyil qolmoqda. Hashamatli kemalar fonida suratga tushish istagida bo‘lganlarning sanog‘i-yu adog‘i ko‘rinmaydi.
Mirzaolim Tursunov harbiy xizmatni Sankt-Peterburg shahridagi harbiy qismlardan birida o‘tagan. Bu harbiy qism askarlariga Ermitaj – tasviriy va amaliy san’at muzeyini qo‘riqlash topshirilgan va suhbatdoshimiz taqdirning bunday siylovidan haligacha minnatdor.
– Ermitaj o‘z salobati bilan, minglab eksponatlari bilan meni mahliyo qilgandi, – deya eslaydi M. Tursunov. – Men o‘sha yerda tarixga mehr qo‘ydim va dunyo xalqlari o‘tmishi bilan bog‘liq ko‘plab kitoblarni varaqladim. Xizmatim yakunlanib, qishloqqa qaytganimdan so‘ng noyob asori-atiqalarni to‘play boshladim. Oradan o‘tgan 30 yil mobaynida 500 dan ortiq turdagi milliy hunarmandchilik namunalarini shaxsiy kolleksiyamda jamlashga muvaffaq bo‘ldim.
Mirzaolim Tursunovning hunarmand Baxtiyor Shermatov bilan tanishishi ajoyib bo‘lgan. Tuman markazidagi do‘konlardan birida sotuvga qo‘yilgan antiqa kemachani ko‘rgan Mirzaolim akada yangicha g‘oya tug‘ildi. So‘rab-surishtirib, uning ustasini topdi. Baxtiyor aka kamgap, qo‘ni-qo‘shni bilan ham ko‘pda muloqot qilavermaydigan inson. Maqsadini tushuntirdi, niyatini ro‘y-rost aytdi: “Pul, g‘oya, rivojlantirish – mendan; mehnat, sabr-toqat va kelajakka ishonch – sendan!”
Tadbirkor va hunarmandning hamkorligi tez orada meva bera boshladi: ular yog‘och o‘ymakorligi asosida sovg‘abop buyumlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdi. Dastlab kichik o‘lchamda kemachalar yasashdi va ular salmoqli pulga sotildi. Asta-sekin chor tarafdan buyurtmalar kela boshladi va Mirzaolim aka endi katta o‘lchamdagi mahsulotlar tayyorlashni, bu orqali hamma-hammani lol qoldirishni rejalashtirdi. Bundan ilhomlangan hunarmand Baxtiyor Shermatov uch oy deganda uzunligi salkam 4,7 metr, balandligi 3,5 metr keladigan yelkanli kema yasadi. Unga “Orzu” deya nom berishdi.
– Ikkimizning ham orzuimiz, maqsadimiz bir, – deydi Mirzaolim aka, - odamlarga ezgulik ulashish! E’tibor bering-a, yelkanning tayanch nuqtasida dur-javohirlarga to‘la sandiq, sal yuqorida esa gulg‘uncha tasvirlangan. Bu – dunyo boyliklari bir kun tubsizlikka g‘arq bo‘ladi va qalbingda asraganing – gulg‘uncha bilan yolg‘iz qolasan! Shunday ekan, boshqaruvingda bo‘lgan hayot kemasi chambaragini qo‘lingda mahkam tutginki, dovullarga dosh bersin, degani. Mahsulotlarimizni mana shunaqa falsafiy fikrlar bilan boyitganmiz.
Suhbatdoshimizning aytishicha, “Orzu” aynan I Xalqaro hunarmandchilik festivali uchun tayyorlangan. Xorijiy sayyohlardan biri uni 5 ming AQSh dollariga sotib olish istagini bildirgan, lekin Mirzaolim aka festival yakunlanishini kutishni lozim topdi.
– Ishonch bilan aytishim mumkinki, “Orzu” ko‘rgazmamiz gultoji bo‘lib, ko‘pchilikni maftun qilib turibdi, – deydi u faxr bilan. – Festival boshlanganidan beri mingga yaqin odam har tarafdan kelib, aynan “Orzu”ning fonida suratga tushib ketdi. Xaridorga sotib yuborsam, bu mahsulotimizning daragini eshitib, uni ko‘rish umidida kelganlarga nima deyman?! Festival boshidan buyon 10-15 ta buyurtma oldim. Aytishim mumkinki, bu festival bizni kashf etdi!
Manba: “Xalq so‘zi”