Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orzu-intilishlarimiz va kuch-qudratimiz timsoli
12:24 / 2025-11-19

18 noyabr – “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilinganiga 34 yil to‘lishi munosabati bilan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbir davlat madhiyalari bilan boshlandi. Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi katta prokurori Rasul Jalg‘asbayev, Adliya vazirligining huquqiy axborot sektori bosh maslahatchisi Muhabbat Xojahmetova, institutning milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi mudiri Yerkin Tileuov, shuningdek, fakultetlar dekanati vakillari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar va talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, bu yil davlat suverenitetining ramzlaridan biri bo‘lgan mustaqil O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 34 yil to‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan davlat bayrog‘i dunyoda mustaqil O‘zbekiston degan davlatning mavjudligini anglatib, o‘zida milliy-madaniy an’analarni mujassam etadi.

Bayroq o‘zida butun O‘zbekiston xalqining azaliy orzu-intilishlari, irodasi, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni aks ettirgan. Davlat bayrog‘ining davlat muassasalari va tashkilotlari, ta’lim muassasalari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlardagi elchixona va doimiy vakolatxonalar oldida hilpirab turishi, turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz vakillari ishtirok etayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimiz shon-sharafi, xalqimiz g‘ururini yorqin aks ettirib, ko‘ngillarni to‘lqinlantiradi.

Davlat ramzlari doimo muqaddas va ulug‘ hisoblanadi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan vatan timsolidir.

Uchrashuv kechasida yoshlarimiz o‘rtasida davlatimiz bayrog‘iga bo‘lgan hurmatni yanada oshirishning ahamiyati, davlat ramzlaridan qonuniy ravishda foydalanish qoidalari haqida ma’lumotlar berildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri