Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar Bolalar tashkiloti va Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi hamkorligida “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida “Orzu” bolalar ijodiyoti tanlovining g‘oliblarini aniqlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda qayd etilganidek, mazkur tanlov ilk marotaba o‘tkazilayotgan bo‘lib, unda poytaxtda istiqomat qiladigan 2 ming 153 nafar bola Telegramdagi @orzu_fest_bot orqali ro‘yxatdan o‘tkazildi. Iqtidorli bolalarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va mahoratlarini namoyon qilishlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etilgan tadbirda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar 6-8 yosh, 9-11 yosh va 12-14 yosh toifalarida ishtirok etdi.

Ishtirokchilar 6 yo‘nalishning birida ishtirok etish imkoniyatiga ega. Jumladan, vokal yo‘nalishi ishtirokchilari milliy va akademik ijro, estrada, folklor hamda xor guruhlari bo‘yicha bellashsa, adabiyot yo‘nalishi ishtirokchilari nazm hamda nasr yo‘nalishi bo‘yicha bellashdi.

Shu bilan birga, tanlov klassika, xususan, fortepiano, torli-kamonli, damli va zarbli cholg‘u asboblari, milliy, ball hamda zamonaviy raqslar, tasviriy va amaliy san’at kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi. Tadbir so‘ngida tanlovning har bir bosqichida yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan 50 nafar ishtirokchi diplom va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.

Shuningdek, ijodkor bolalarning O‘zbekiston bo‘ylab ijodiy uchrashuvlari va konsert dasturlari tashkil etildi. Respublika bosqichi g‘oliblarining ijodiy ishlaridan katalog tuzilib, davriy bolalar nashrlarida va alohida kitob shaklida chop etiladi, teleko‘rsatuv, radio eshittirish va internet sahifalari orqali keng jamoatchilikka targ‘ib qilinadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA