Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Orzu bilan uxlab, maqsad bilan uyg‘onadigan ayol
13:22 / 2025-07-23

Dildora o‘sha kuni rosmanasiga yig‘ladi. Sport zalini to‘ldirib o‘tirgan minglab muxlislar ko‘z o‘ngida yig‘ladi. Muxlislar esa uni olqishlab turishdi.

O‘tgan yili Toshkent shahri mezbonlik qilgan boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida ayollar o‘rtasidagi bahslarda g‘oliblar qatorida Dildoraning nomi yangraganida u birinchi marta yig‘lagan edi. Joni og‘riganidan emas, uyda qolgan ikki nafar qizalog‘iga bergan va’dasining ustidan chiqqanidan yig‘ladi. Dildora Jo‘rayeva birinchi uchquduqlik bokschi ayol sifatida +80 kg vazn toifasida kumush medal sohibiga aylangandi. 

 Shimoliy kon boshqarmasi Texnik nazorat bo‘limi nazoratchisi bo‘lib ishlayotgan Dildora Jo‘rayeva oldin og‘ir atletika bo‘yicha mamlakat chempioni edi. Bu galgi g‘alaba uning boksdagi ilk g‘alabasi bo‘ldi. Bu esa uni boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosiga aylantirdi.

 Konchilar oilasida katta bo‘lgan Dildoraning bolaligi Uchquduqdagi “Lochin” sport sog‘lomlashtirish majmuasida o‘tgan. Dastlab futbolni tanlagan qizaloq bugun sambo, pauerlifting va boks bo‘yicha sport ustaligiga nomzod. 

 Ayol kishining sportdagi karerasi ko‘pam uzoqqa cho‘zilmaydi. Sportchi onalar bola parvarishidan keyin vazn, vaqt, ro‘zg‘or bois sportni erta tark etadi. Dildora ham kelin bo‘lgan paytlari biroz sportdan uzoqlashdi. Biroq turmushdagi ba’zi qiyinchiliklarni yengib o‘tishi uchun u yana sportga qaytdi. Fikrni bir joyga jamlab, og‘ir toshlarni ko‘tarishga o‘rgatgan pauerliftingdan g‘azabni jilovlashga o‘rgatadigan boks zaliga o‘tdi. Raqiblari doim erkaklar bo‘ldi. Shug‘ullanishdan, o‘rganishdan uyalmadi va u sport bilan yana sog‘lom hayotga qaytdi. 

– Men orzu bilan uxlab, maqsad bilan uyg‘onaman, – deydi O‘zbekiston chempioni Dildora Jo‘rayeva. – Har kuni 9-10 kilometrgacha Uchquduq bo‘ylab yugurib “sayr” qilaman.

Sport zalga boradigan kuni “Sport zalining jadvali”ga uch kishining nomi kiritiladi. Dildora, uning ikki qizalog‘i – Farangiz va Madina. Onalariga hayrat bilan qaraydigan qizaloqlar sportchilar qo‘llayotgan usullarni bir pastda “o‘zlashtirib” goh umbaloq oshadi, goh yugurishadi. Dildora va uning safdoshlariga bu noqulaylik emas, balki kayfiyat bag‘ishlaydi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri