Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ortiqcha xarajatga tushmay desangiz soliqlarni vaqtida to‘lang
17:08 / 2023-04-02

Jizzax viloyati soliq boshqarmasida markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda bologerlar uchun “Mahalliy byudjetga to‘lanadigan soliq va majburiy to‘lovlar muddati yaqinlashmoqda” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Viloyat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu matbuot anjumani jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘ini hisoblash, undirish va ushbu soliq turlari undirilishiga bag‘ishlandi.

Dastavval mavzu yuzasidan viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kamol Ergashev ishtirokchilarga atroflicha ma’lumotlar berdi. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 418- va 433-moddalariga asosan, egaligida soliq solinadigan mol-mulki hamda yer uchastkalari bo‘lgan jismoniy shaxslar mol-mulk va yer solig‘i to‘lovchilari hisoblanib, agar ko‘chmas mulk mulkdorining joylashgan yerini aniqlash imkoni bo‘lmasa, bu mol-mulk qaysi shaxsning egaligida yoki foydalanishida bo‘lsa, o‘sha shaxs soliq to‘lovchi bo‘lishligi ta’kidlab o‘tildi.

– Soliq kodeksining 419- va 434-moddalariga muvofiq soliq ob’ektlariga jismoniy shaxs egaligidagi uy joylar, kvartiralar, dala hovli imorat, garaj va boshqa ob’ektlar, joylar, inshootlar hamda qonunchilikda belgilangan tartibda berilgan yer uchastkalari ham kiradi, – deydi viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kamol Ergashev. – Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari Soliq kodeksining 423- va 439-moddalariga asosan soliq to‘lovchining yashash joyidan qat’iy nazar, soliq solish ob’ekti joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organning ma’lumotlari va qonunchilik bilan belgilangan stavkalar asosida hisoblab chiqariladi.

Joriy yilda byudjetga undirish uchun 181milliard 200 million so‘m mol-mulk va yer soliqlari hisoblanib, soliq miqdori o‘tgan yilga nisbatan 44 milliard 600 million so‘mga oshgan bo‘lsa, bugungi kunda byudjetga jami 23 milliard 100 million so‘m mablag‘ undirilgan.

– Viloyatimiz bo‘yicha 299 ming 523 nafar mol-mulk va yer solig‘i to‘lovchi fuqaro hisobga olingan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan solishtirganimizda 12 ming 800 nafarga soliq to‘lovchilarni hisobga olish ishlari sezilarli darajada oshgan, – deydi viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Dostonov. – Sohada erishilayotgan samarali natijalar bilan birga, bu yo‘nalishda hali amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar ko‘p. Bu avvalo, fuqarolarga hisoblangan mol-mulk va yer soliqlaridan mavjud qarzdorlik masalasi. bugungi kunda viloyat bo‘yicha jami 82 milliard 600 million so‘mlik o‘tgan yillardan beri yig‘ilib kelayotgan soliq qarzdorligi mavjud.

Fuqarolar egaligida bo‘lgan turar va noturar-joy ob’ektlari hamda yer uchastka maydonlari uchun joriy yilda hisoblangan mol-mulk va yer soliqlariga to‘lovlarni yashash joyidagi bank kassalariga, soliq inspeksiyasiga murojaat qilgan holda yoki uydan chiqmagan holda to‘lovlarni masofadan turib “Soliq.uz” onlayn to‘lov yoki boshqa tizimlar orqali amalga oshirishlari mumkin.  

Soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi soliq to‘lovlari bilan bog‘liq barcha harakatlarni o‘zida jamlovchi “SOLIQ” mobil ilovasini taqdim etgan va bosqichma-bosqich takomillashtirib bormoqda.

– Ilovada soliq to‘lovchilar uchun ko‘plab elektron soliq xizmatlari jamlangan bo‘lib, jismoniy shaxslar mobil ilova yordamida ham yer va mol-mulk soliqlari summalarini aniqlashi va to‘lashlari mumkin, – deydi viloyat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Zilola Nabiyeva. – To‘lovlar bank plastik kartochkasi orqali amalga oshirilgan taqdirda, uni “Soliqlarni to‘lash” bo‘limidan tekshirish imkoni mavjud. Har bir amalga oshirilgan to‘lov bo‘yicha foydalanuvchiga izchillik bilan muntazam ravishda xabar berib boriladi.

– Soliq kodeksi 423-moddasida, jismoniy shaxslar har yili ushbu ikki soliq, ya’ni yer va mol-mulk soliqlarini teng ulushlarda, bahorgi mavsumda 15 apreldan, kuzgi mavsumda 15 oktyabrdan kechiktirmay to‘lashlari lozimligi qayd etib o‘tilgan, – deydi viloyat soliq boshqarmasi bosh mutaxassis Javlon Sherxonov. – Bunda, o‘tgan yilgi yer va mol-mulk soliqlarini 15 aprelgacha, amaldagi, ya’ni joriy yildagi soliqlarni esa 15 oktyabrgacha to‘liq to‘lab qo‘ysangiz, qo‘shimcha penya, ya’ni ortiqcha xarajat to‘lab yurishingizga o‘rin qolmaydi.  

Ochiq va jonli muloqot tarzida o‘tgan tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarning savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA