English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ortiqcha to‘lovlar qaytarildi, asossiz qarzdorliklar bekor qilindi
14:08 / 2025-09-04

O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Respublika bo‘ylab aholidan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, muammolarning hal etilishi va fuqarolarning manfaatlari ta’minlanmoqda.

Bu borada Raqobat qo‘mitasining har bir viloyatdagi hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasida iste’molchilarning ortiqcha to‘langan mablag‘lari qaytarib berilmoqda, asossiz qarzdorliklar bekor qilinmoqda, texnik nosozliklar bartaraf etilmoqda.

Qo‘mitaning Andijon viloyati hududiy boshqarmasiga fuqaro U.A. tomonidan “Texno mebel” do‘konidan sotib olingan telefon uchun ortiqcha 1 500 000 so‘m yechib olingani haqida murojaat kelib tushdi. O‘rganish davomida shartnoma onlayn tarzda, texnik xatolik bilan boshqa mahsulotga rasmiylashtirilgani aniqlandi. Natijada iste’molchiga ortiqcha yechib olingan pul mablag‘i qaytarilib, murojaat ijobiy hal etildi.

Buxoro viloyati hududiy boshqarmasiga fuqaro N.Barakayevning qilgan murojaatida elektr hisoblagichning aloqa moduli ishlamasligi va elektr korxonasi tomonidan yangisiga almashtirib berilmayotgani bildirilgan. Murojaat hududiy boshqarma tomonidan o‘rganilib, ko‘rilgan choralar natijasida “Buxoro HETK” AJ tomonidan aloqa moduli yangisiga almashtirildi.

Navoiy viloyatida yashovchi Fuqaro S.X.ning “Ishonch telefoni” orqali yo‘llagan murojaati hududiy boshqarma tomonidan o‘rganildi. Murojaatda fuqaro “Paynet” shoxobchasi orqali 800 000 so‘m to‘lov amalga oshirgani, lekin mablag‘ plastik kartaga tushmagani bildirilgan. Olib borilgan ishlar natijasida “Paynet” AJ tomonidan ushbu summa S.X.ning kartasiga o‘tkazilishi ta’minlandi va murojaat ijobiy hal etildi.

Shuningdek, Farg‘ona, Namangan, Jizzax viloyatida yashovchi fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar ham o‘rganilib, ijobiy hal qilindi.  

Nigora Rahmonova,

O‘zA