Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ortingga qarab, bugunga boqib shukr qil, oldinga qarab fikr qil
11:29 / 2019-08-24

Bugun buyuk bunyodkorlik sari tashlayotgan qadamlarimizda oʻzgacha shiddat bor, oʻt olov bor.

Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!

Bugun buyuk bunyodkorlik sari tashlayotgan qadamlarimizda oʻzgacha shiddat bor, oʻt olov bor. Odamlar kayfiyatida ajib bir koʻtarinkilik, ertangi kunga ishonch, eng muhimi, islohotlarga daxldorlik tuygʻusi bor. Bu ruh saylovchilarim bilan yuzma yuz muloqotlarda, uchrashuvlarda yaqqol aks etayapti. Axir kechagina suhbatimiz mavzusi tamomila boshqacha edida.

Rosti, bundan uch-toʻrt yil ilgari saylovchilar bilan boʻlgan uchrashuvlarda plastik kartochka, naqd pul muammolari, elektr energiyasidagi uzluksiz uzilishlar, uy-joy tanqisligi, bandlik masalalari koʻtarilar edi. Saylovchilarimning savollari,eʼtirozlari…

– Bir oilada 5 roʻzgʻormiz, 1 xona boʻlsada uy qurishga yer ajratishni soʻrab bosh urib bormagan idoram qolmadi…

– Kollej 3 kilometr uzoqda. Transport yoʻq. Bu haqda ham oʻylaydiganlar bormi?

– Kollejni tugatganlarga ish masalasi…

Uchrashuvlarda qayta-qayta ana shu muammolar tilga olinar edi. Bu muammolarning yechimi bormi oʻzi, degan qattiq va qatʼiy savollar koʻndalang edi.

Bugun esa suhbatimiz mavzui oldingilariga sira oʻxshamaydi. Yuqoridagi kabi dilni oʻrtar savollar koʻtarilmaydi. Goʻyo, kechagi uchrashuvlarda koʻtarilgan masalalarni, savollarni bugun hamma unutgandek. Shunday savollar berilganligi yoddan ham chiqqandek...

Chunki, bugun bu masalalar oʻzining ijobiy yechimini topdi. Bugun eng olis hududda ham chiroq oʻchmaydi. Plastik, naqd pul muammosi xuddiki ertak. Ota-onalarning maktablarda 11 yillik majburiy taʼlimni qayta joriy etish haqidagi niyatlari ham amalga oshdi. Mintaqalarda yoʻl transport infratuzilmasining yetarlicha rivojlanmaganligi tufayli ota-onalar farzandining uzoq kollejdan piyoda uyga qaytishini ming xavotirda kutishar edi.

Eng katta muammolardan biri – uy-joy muammosi hal boʻlayotganidan aholining quvonchi cheksiz. Oʻzining uyi-joyi boʻlishini orzu qilganlarning niyati amalga oshmoqda. Alohida turar joyga ega boʻlishning imkoniyatlari kengaydi. Kam taʼminlangan oilalar, yakka-yolgʻiz qariyalar, boquvchisini yoʻqotganlar ham bugun davlatning, fuqarolarining tinchini oʻylaydigan xalqparvar siyosat olib borilayotganini yurak-yurakdan sezishmoqda. Minglab oilalar Prezidentning gʻamxoʻrligi bilan uyli boʻlganidan suyunib, shukrona aytib yashamoqda.

Bugun mamlakat aholisi 33,5 milliondan oshdi. Bu albatta aholining uy-joyga boʻlgan talabi oshishiga va narxlarning oʻsishiga zamin yaratishi mumkin edi. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari tomonidan uzoqni koʻzlab, oqilona siyosat olib borildi. 2018-yilning 24-noyabrida “Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy joylar qurishni kengaytirishga oid qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarining ijrosi davomida koʻz quvonadigan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Eng muhimi, odamlarning uy-joy sharoiti yaxshilandi. Shahar, tumanlarda infratuzilmani rivojlantirishga katta eʼtibor berilmoqda. Bu esa qator muammolarga yechim topdi.

Eng muhimi, bu oilalar turmush tarziga, ularning farovonligiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Yosh oilalarning mustaqilligi, mustahkamligini taʼminlash bilan birga oiladagi nizolar va ajrimlarning oldini oldi. Mamlakatda islohotlar, eng avvalo, inson manfaatlari yoʻlida, ularning erkin va farovon hayotini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilayotganligiga aholi ishona boshladi.

Shu oʻrinda bir fikr. Farovon turmush eng avvalo tinchlik bor joyda kafolatlanadi. Aynan tinchlik xavfsizlik, barqarorlik, rivojlanishni taʼminlaydi. Hamma sohada muvozanatni saqlaydi. Har bir insonga ertangi kunga ishonch va umid bilan qarash xuquqini beradi. Dunyodagi bebaho neʼmat – tinchlik-xavfsizlik taʼminlanganligi uchun ham yurtimizda bunyodkorlik jadal surʼatlarda davom etmoqda.

Ilk bor ochiq xususiyatga ega boʻlgan Mudofaa doktrinasini qabul qilinib, harbiy sohada Oʻzbekiston Respublikasi milliy xavfsizligini taʼminlashga doir prinsiplar va yondashuvlar butun dunyoga eʼlon qilindi. Nomidan koʻrinib turibdiki, Oʻzbekistonning tashqi siyosati mudofaa ruhida tinchlikparvar siyosat yuritadi. Yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi hech bir davlatni oʻzining dushmani deb hisoblamaydi va barcha mamlakatlar bilan munosabatlarni mamlakat milliy manfaatlarining ustuvorligi asosida xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalarini inobatga olgan holda, teng huquqlilik hamda oʻzga davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik, barcha nizoli masalalarni tinch vositalar va muzokaralar yoʻli bilan hal qilish asosida quradi. Biz tinchlikparvar siyosatimizni dunyoga eʼlon qildik.

Shuningdek, bugun Qonunchilik palatasida “Mudofaa toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi , “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashdagi ishtiroki toʻgʻrisida”gi va boshqa Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihalari muhokama etilmoqda. Shubhasiz, qonun ijodkorligimiz tinchligimiz, osoyishtaligimiz, mudofaa qobiliyatimizni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Bugun saylovchilarimiz bilan boʻlayotgan uchrashuvlarda aholi qonun ijodkorligi faoliyatimiz, qabul qilinayotgan qonunlar haqida koʻproq soʻrayapti, olib borilayotgan islohotlar haqida toʻlib toshib soʻzlayapti. Quvonarlisi, saylovchilarimiz uy toʻylariga, yangi maktab, mahalladagi yangi bogʻcha ochilishi tadbirlariga taklif etishayapti.

Saylovchilarim bilan boʻlgan bayram arafasidagi uchrashuvlarda 85 yoshli Ergash otaning gʻurur bilan aytgan soʻzlarini esladim: “Kecha “Afrosiyob” poyezdida sayohatga chiqdim. Tezyurar poyezd yurayapti emas, uchayapti. Axir yaqin-yaqingacha kunimiz, tunimiz yoʻlda oʻtar edi. Birgina Toshkentdan Qarshigacha 10-12 soatlab yurar edik desam, bugun nabiralarim ishonmayapti...”

Xalqimizda bir ajoyib maqol bor: “Ortingga qarab, bugunga boqib shukr qil, oldinga qarab fikr qil”. Shukronalik hissi ertangi ezgu ishlarimizga zamin hozirlaydi. Demak, hammamiz, har birimiz masʼuliyat va fidoyilik bilan mehnat qilsak, yangi muvaffaqiyatlar bizniki boʻladi, yurtimiz yanada gullab yashnaydi. Vatan obod boʻladi, bolalarimiz baxtli boʻladi. Zero, Vatanimiz obodligi, farzandlarimiz saodatidan ortiq baxt bormi?

Komila KAROMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi.