Har bir inson turli diyorlarda sayohat qilishni istaydi, turfa mamlakatlar bilan yaqindan tanishuv odamga boy taassurot, yangi xotira va o‘chmas iz qoldiradi. Ammo kutilmagan lahzalar ham borki, ular kishi qalbida Vatan qadrini yanada teranroq his ettiradi.
Yaqinda Qatarga sayohatimiz dastlab go‘zal va yoqimli taassurotlar bilan boshlandi. Bu yerdagi osmono‘par zamonaviy binolar, tekis va ravon ko‘chalar, havas qilsa arziydigan metro, bahavo dengiz, o‘ziga xos arab madaniyati – barchasi sayohatga chiqqan inson qalbida iliq his-tuyg‘ularni uyg‘otadi, ruhingizni ko‘tarib yuboradi.
Biroq kutilmaganda telefonlarimizga kelgan ogohlantirish signallaridan, yaqin-olisdagi portlash ovozlaridan vahimaga tushdik. Hammamiz mehmonxonaga o‘zimizni urar ekanmiz, yuragimizda “Vatanga qayta olarmikinmiz, nega bunday noxush hodisalar yuz berayapti”, degan o‘yda qattiq sarosimaga tushib qoldik.
Hadigimiz soat sayin, kun sayin ulkanlashib borardi. Bunday xatarli holatlarda birinchi galda ko‘z o‘ngimizda yurtimiz, oilamiz, yaqinlarimiz kelishi tabiiy. Ana shu tahlikali lahzalarda kishi bir haqiqatni teran anglaydi: dunyodagi eng katta xotirjamlik – Vatan tinchligi, osoyishtaligidir.
“Endi nima bo‘ladi?” savoli bu yerdagi barchamizni qaynar edi.
Shunda tushundimki, halovating bo‘lmasa salomatliging ham bo‘lmas ekan. Shunday damlarda vaqtni sekin o‘tishi kishini betob qiladi. Qon bosimim oshib ketdi, barchamiz tushkun va og‘ir ahvolda qoldik.

Ko‘p o‘tmay Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlari asosida diplomatik vakolatxonalar va elchixonalar tezkor harakatga keldi. Bu borada Qatardagi elchixonamiz alohida shiddat va uyushqoqlik ko‘rsatganini e’tirof etishni istar edim. Har bir o‘zbekistonliklar bilan muntazam aloqa o‘rnatildi, telegram guruhlari ochildi, qayerdaligimizni tezda aniqlab, mehmonxonaga kelishib, holimizdan xabar olishdi.
Tunu kun xavfsizlik masalalari yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berishdi, vazmin bo‘lishimizni tushuntirishdi, hech qanday muammo yo‘qligini aytib ruhimizga darmon-malham bo‘lishdi. Har bir vatandoshlarga dalda va mehr berishdi, iftorlik dasturxonlarini yozishdi.
Baraka topishsin, hatto safar muddati allaqachon tugab, lekin chiqib ketolmay qolganlarni ham bepul mehmonxona va uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlashdi. Ayniqsa, elchi Ashraf Xodjayev, maslahatchi Mahmudjon Mahmudovning bizga xavotirli lahzalarda ko‘rsatgan chin aka-ukalik e’tibori sababli xuddi tug‘ishganlarday qadrdon bo‘lib qoldik, Ramazon oyining shunday kunlarida duolar qildik.
Xorijdagi mashaqqatli damlarda inson qalbida bitta maqsad ustun keladi – yurtga qaytish, ona zamin havosini to‘yib-to‘yib sipqorish va yaqinlari yonida bo‘lish.
Qatar osmoni to‘liq yopilgach, Elchixonamiz xodimlari bizni maxsus avtobuslarda Saudiya Arabistonigacha kuzatib qo‘yishdi. Saudiya chegarasida esa bizni ushbu arab davlatidagi diplomatik missiyamiz vakillari quchoq ochib kutib olishdi va ona yurtga uchib ketgunimizcha yelkama-yelka turib yonimizda bo‘lishdi. Biletlarimiz ham kuymadi va qo‘shimcha haq to‘lamadik.
Prezidentimiz rahnamoliklarida tashqi ishlar vazirligining bunday cheksiz g‘amxo‘rligi va e’tibori, avvalo, yangi O‘zbekiston siyosatida inson qadri, oddiy odamlar manfaati eng ustuvor o‘rin tutayotganidan dalolat beradi. Biz bilan kelgan har bir hamrohimiz yurtimiz fuqarolarining huquq va xavfsizligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganiga ishonch hosil qildi. Chet elda qiyin holatga tushib qolgan yurtdoshlar taqdiriga befarq bo‘lmaslik, ularga zarur paytda yordam qo‘lini cho‘zish ana shu xalqchil siyosatning amaliy ifodasi, deb qabul qilamiz.
Vaholanki, ko‘plab boy xorijiy davlatlardan kelganlar ham hanuzgacha o‘z yurtlariga ucha olmaganlaridan yaxshi xabardormiz va ular bizga havas bilan qarab qolishdi.
Bugun dunyoning qaysi burchagida bo‘lmasin, biz singari barcha o‘zbekistonliklarni qo‘llab-quvvatlaydigan, samarali himoya qiladigan tizim yaratilgan. Ortimizda jonajon Yangi O‘zbekiston borligini Qatardagi murakkab voqealar sharoitida teran his etadi. Aeroportdan qadam qo‘yar ekanmiz, ona zaminning diltortar mehrigiyosi eng ishonchli panoh ekaniga yurak qo‘rimiz bilan amin bo‘ldik. Cheksiz rahmat Sizga, muhtaram Prezidentim!
Zebo OMONOVA,
shoira va jurnalist