Davlatimiz rahbari, odatda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan turib so‘zlagan nutqlarida jahon hamjamiyati e’tiborini sayyoramiz aholisi uchun o‘ta muhim masalalarga qaratadi, qator muhim takliflarni ilgari suradi. Eng e’tiborlisi shundaki, ushbu taklif va tashabbuslar muntazam ravishda jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilib, BMTning rasmiy hujjatlarida aks etmoqda. Shu nuqtayi nazardan aytish mumkinki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi.
Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan 78-sessiyasidagi nutqini yodga olaylik. Davlatimiz rahbari keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va ortga qaytmas tus olgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Darhaqiqat, Yangi O‘zbekiston “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgarilab bormoqda. Bugun komil ishonch bilan aytishimiz mumkinki, biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat qura oldik va boradagi islohotlarni yanada mustahkamlash siyosati qat’iy davom ettirilmoqda.
Bu borada gap ketganda, avvalo, yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq referendumi milliy taraqqiyotimizning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqat yana bir bor tasdiqlandi. Shu huquqiy asosda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un ekanini bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan alohida e’tirof etilib kelinmoqda.
Ayniqsa, mamlakatimiz global tahdidlarga qaramasdan, barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etayotgani jahon hamjamiyatining hayratiga ham sabab bo‘layotgani sir emas. So‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq ko‘paygani, 2030-yilga qadar bu ko‘rsatkichni yana 2 barobarga oshirish bosh maqsad qilib belgilangani xalqaro ekspertlarning hayratiga sabab bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari sayyoramiz aholisi uchun o‘ta muhim masalalar — xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishi va global ekologik muammolarga qarshi kurashish bo‘yicha qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. Shu nuqtayi nazardan, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, suv resurslarini tejash, shuningdek, havo ifloslanishiga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, Prezidentimiz Islom dinining asl gumanistik mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazishni muhim vazifa deb bilishini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining nutqi unda ko‘tarilgan masalalarning mazmuni va ahamiyati bilan ajralib turdi. Unda ilgari surilgan tashabbuslar zamonamizning eng dolzarb muammolarini qamrab olgani holda ularga nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro miqyosda ham alohida ahamiyat kasb etadigan konstruktiv yechim taklif etilgani, ayniqsa, e’tiborlidir.
Sohib RAHIMOV,
Surxondaryo viloyat sudining sudyasi