Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ortga qaytmas islohotlar: Konstitutsiyaviy sud faoliyati misolida
09:36 / 2025-09-11

1 sentyabr – O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni Yangi O‘zbekiston bog‘ida keng nishonlandi. Bayrami shuquhi mamlakatimizni tark etgani yo‘q. Xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami bu yil - “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oya shiori ostida nishonlandi.

Mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, milliy istiqlolimizning shonli o‘ttiz to‘rt yillik sanasi xalqimiz va davlatimiz hayotiga tobora singib borayotgan Yangi O‘zbekiston fenomenini dunyoning ilg‘or mamlakatlari tomonidan tobora e’tirof etilayotgan bir vaqtda nishonlangani bilan ham ahamiyatlidir.

Ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekiston orzusi bilan boshlangan ulkan islohotlarimiz tufayli mamlakatimizga yangi zamon ruhi kirib keldi. Eng muhimi, odamlar buni o‘zlarining kunlik turmush hayotida his eta boshlashdi.

Bilasizmi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston Strategiyasi” asari muqaddimasida shunday so‘zlar bor: “Dunyoda hech qachon bir xil tong otgan emas”. Mazkur ibora paydo bo‘lganidan buyon ming yillar o‘tdi. Bu butun koinot, tabiat va bashariyat doimiy o‘zgarishda, yangilanishda deganidir”. 

Hech ahamiyat berganmisiz, Yangi O‘zbekistonni har bir tongi kechagidan ko‘ra bugun o‘zgacha shukuh va tarovat ila otmoqda. Buning bosh omili ortga qaytmas islohotlarimiz va bunyodkor xalqimizning fidokorona mehnati, shuningdek, kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, bu bejiz emas. Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi – bu shunchaki xohish-istak bo‘lmagan, balki davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanib, janajon Vatanimizni jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obro‘-e’tiborga ega, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylantirish istagi, ta’bir joiz bo‘lsa, xalqimizning asriy orzu-intilishidir. 

Ma’lumki, keyingi yillarda “Davlat – inson uchun” tamoyili barcha sohadagi islohotlarimizga bosh mezon bo‘lib xizmat qilmoqda. Buning natijasi o‘laroq, mamlakatimizda inson va uning manfaatlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu bejiz emas, albatta. Prezidentimiz tashabbuslari bilan ilgari surilgan islohotlar zamirida eng avvalo, Alloh taolo barcha maxluqotlar ichida eng mukarram va aziz qilib yaratgan Inson va uni ulug‘lash g‘oyasi yotganidir. Yangi O‘zbekistonni barpo etishning asl mohiyati ham shunda.

Davlat Rahbari o‘zining “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” asarida shunday yozadi: 

“Biz uchun Yangi O‘zbekiston – huquqiy, adolatli qonunlar amal qiladigan, mustaqil sudlar odil qarorlar chiqaradigan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi ta’minlangan davlat”dir.

Shu o‘rinda Konstitutsiya va qonun ustunligi hamda uning samarali ta’minlash yo‘lida olib borilgan so‘nggi yillardagi islohotlar xususida so‘z yuritishni lozim deb bilamiz. Chunki, Konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlanishi xalqimizning xohish-irodasiga binoan 2023 yil 30 aprel kuni umumxalq referendumi asosida qabul qilingan Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan hayotiy tamoillarni to‘liq ro‘yobga chiqarish, ularni hayotimizga, milliy an’analarimizga aylantirish kelgusida o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizning amaldagi ijrosini muhim shartidir.

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish yuzasidan qabul qilinadi. Birorta qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiyaning prinsip va normalariga zid kelishi mumkin emas. Mazkur konstitutsiyaviy normaning ijrosini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining alohida o‘rni bor.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 132-moddasi, birinchi qismiga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi mustaqillikni dastlabki yillarida tashkil etilgan bo‘lsada, uning o‘tgan yillar davomida faoliyati davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni ko‘proq soya ostida qolar edi. Buning ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bo‘lgan. Biroq, bugun biz keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatining huquqiy asoslarini yanada takomilashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar haqida gapirmoqchimiz. Chunki, butun faoliyati davomida Konstitutsiya ustunligini ta’minlash bo‘lgan va sud hokimiyatini alohida tarmog‘i hisoblangan Konstitutsiyaviy sud - aynan Yangi O‘zbekiston sharoitida muhim vakolatlarga ega bo‘ldi, ta’bir joiz bo‘lsa, qayta shakllantirildi.

Ma’lumki, 2017 yilga qadar Konstitutsiyaviy sud Asosiy Qonunga muvofiq jami to‘rtta vakolatga ega bo‘lgan. Olib borilgan sud islohotlari natijasida unga yana qo‘shimcha beshta vakolat berildi. To‘g‘ri, Konstitutsiyaviy sud faoliyati, uning huquqiy asoslari keyingi vaqtlarda juda keng yoritilmoqda. Bu aholini Konstitutsiyaviy sud faoliyati bilan kengroq tanishtirish va uning vakolatlarini tushuntirish zarurati bilan bevosita bog‘liq. Chunki, ko‘p hollarda fuqarolar konstitutsiyaviy sudga o‘zlarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishni so‘rab murojaat qilishadi. Biroq, Konstitutsiyaviy sud ularni konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini bevosita emas, balki bilvosita himoya qiladigan sud hokimiyati ekanligini har doim ham to‘liq bilishavermaydi. Alohida ta’kidlashni istardim, fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqlidir.

Aynan shuning uchun ham Konstitutsiyaviy sud faoliyati va uning huquqiy asoslarini keng targ‘ib qilish, avvalo, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishda sud-huquq sohasidagi islohotlarni targ‘ibot-tashviqot qilishda ahamiyati katta. Shuning uchun biz Konstitutsiyaviy sudga keyingi yillarda berilgan vakolatlarni asosiy mazmun-mohiyati va Konstitutsiya ustunligini ta’minlashdagi o‘rni haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Qolaversa, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev 2022 yil 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega ekani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishi, insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmas va daxlsiz bo‘lib, har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli ekani qayd etilmoqda. Bularning barchasi Asosiy qonunning himoyachisi bo‘lgan Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Mazkur sud boshqa sudlardan farqli o‘laroq, faqat Konstitutsiyaga bo‘ysunadi hamda Asosiy qonunning ustunligi prinsipini ta’minlaydi” deb alohida ta’kidlagan edi. 

Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi. Barcha normativ-huquqiy hujjatlar (vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlaridan tashqari)ning, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlaydi.

Keling, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar doirasida Konstitutsiyaviy sudga berilgan muhim vakolatlarga to‘xtalib o‘taylik. Mana, masalan:

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar – O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash vakolati.

Odatda dunyo amaliyotida “oldingi” va “keyingi” konstitutsiyaviy nazorat instituti mavjud. Konstitutsiyaviy kengashlar yoki Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitalari normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilinishidan oldin, aniqrog‘i, kuchga kirmasdan turib ularni konstitutsiyaviyligi haqida xulosa beradi. Buni “oldingi” konstitutsiyaviy nazorat institutiga misol qilib ko‘rsatish mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar kuchga kirgandan keyin, agar tegishli sub’ektlar tomonidan ularni belgilangan tartibda konstitutsiyaviyligini tekshirishni so‘rab Konstitutsiyaviy sudga murojaat etilsa va normativ-huquqiy hujjatni Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ish ko‘rilishi “Keyingi” konstitutsiyaviy nazorat institutiga misol bo‘ladi.

Ko‘rib turganingizdek, Konstitutsiyaviy sudlar konstitutsiyaviy nazoratni “keyingi” shaklda amalga oshirsa, Konstitutsiyaviy kengashlar yoki Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitalari konstitutsiyaviy nazoratni “oldingi” shaklda amalga oshirishga da’vat qilingan.

Nima uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga konstitutsiyaviy nazoratni “oldingi” shaklda amalga oshirish vakolati berildi? Biz buning ob’ektiv sabablari bor deb o‘ylaymiz.

Ma’lumki, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari konstitutsiyaviy qonunlar tarzida qabul qilinishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida esa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasi qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llanilishi konstitutsiyaviy norma darajasida mustahkamlangan.

Ko‘rib turganingizdek, har ikki qonunning ahamiyati va mohiyatidan kelib chiqib, ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash, aniqrog‘i, ular kuchga kirishidan oldin Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lgan.

Yangilangan Konstitutsiyada Konstitutsiyaviy sudning yana bir vakolati bu – referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish.

Bu taklif ham aynan mamlakat Prezidenti tomonidan biz yuqorida aytib o‘tgan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda ilgari surilgan. Esingizda bo‘lsa, o‘shanda Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgratish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy pirnsiplariga zid emasligi, ya’ni amaldagi Konstitutsiyaga muvofiqligini Konstitutsiyaviy sud ko‘rib chiqib, xulosa berishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlangan.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 2023 yil 10 martda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qarorini (ilovasi bilan) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudga murojaat qildi.

Konstitutsiyaviy sud o‘zining 2023 yil 13 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ishni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqib, Qonunchilik palatasining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qarori va ushbu qarorga ilova qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasida referendum predmeti bo‘lmaydigan masalalar mavjud emasligi, shuningdek, ushbu Konstitutsiyaviy Qonun loyihasini referendumga qo‘yish O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq, deb topgan. Bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish haqidagi birinchi qarori edi.

Yana bir vakolat - O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqish.

Ma’lumki, inson huquq va erkinliklari, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etishda odil sudlovni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi

Odil sudlov ta’minlashda esa, avvalo, Konstitutsiya va unga muvofiq qabul qilingan adolatli qonunlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ana undan keyingina salohiyatli sudyalar tomonidan adolatli qonunlarni amalda qo‘llay bilish desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qolaversa, birorta qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiyaning prinsip va normalariga zid bo‘lishi mumkin emas.

Demak, muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqish vakolatini Konstitutsiyaviy sudga berilishi, eng avvalo, Konstitutsiyaga zid bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar normalarini o‘z vaqtida aniqlash, shuning barobarida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishga xizmat qiladi. Qolaversa, sudyalar faqat qonunga muvofiq odil sudlovni amalga oshirishi va adolatli hukm chiqarishida muhim ahamiyat kasb etadi. 

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etish vakolatini Konstitutsiyaviy sudga berilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etishga va uning ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Nima uchun mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot aynan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etiladi.

Bizningcha, buning siyosiy ahamiyati bor. Chunki, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir.

Ahamiyatli jihati shundaki, har ikki sub’ektga fuqarolar, ta’bir joiz bo‘lsa O‘zbekiston  xalqi bevosita vakolat beradi va ular faqat xalq oldida mas’ul bo‘ladi. Ilg‘or demokratik mamlakatlarda ham shunday. Davlat hokimiyati tizimida boshqa bunday oliy davlat vakillik organi ham, oliy mansabdor shaxs ham yo‘q.

Demak, bunday amaliyot, eng avvalo, mamlakatimiz qonun chiqaruvchi hokimiyat sohibi bo‘lgan Oliy Majlis va Davlat boshlig‘ining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati haqida ogoh etadi. Ikkinchidan, Konstitutsiya ustuvorligi va uning normalarini amaliyotga tadbiq etishda monelik qilayotgan ayrim normativ-huquq jujjalarni takomillashtirish zarurligiga davlat organlari yoki mansabdor shaxslarni e’tiborini qaratadi.

Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz sud hokimiyatining alohida tarmog‘i bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar haqida so‘z yuritishmizdan asosiy maqsad, Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlar tom ma’noda ortga qaytmasligini yaqqol tasdiqlaydi. 

Mamlkatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning quyidagi so‘zlari bilan maqolamizga xulosa qilmoqchimiz:

“Oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin g‘oyat murakkab sharoitda bunday ulkan islohotlarni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shgan insonlarni kelgusi avlodlar hech qachon unutmaydi. Ana shunday buyuk baxt va sharaf barchamizga yor bo‘lsin!”

 

Abdumannob Raximov,

O‘zbekiston Respublikasi 

Konstitutsiyaviy sudi sudyasi.