Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ortda qolgan tarix va kelajakka nazar
12:18 / 2025-08-21

Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi hamda Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligining Arxivlar, hujjatlar va kitob ishi qo‘mitasi, Buxoro viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi, Buxoro davlat universiteti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda Qozog‘iston arxivlari kunlari” bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston va Qozog‘iston arxivlarida ikki qardosh xalq aloqalariga oid arxiv hujjatlari ko‘rgazmalari taqdimotlari bilan boshlandi. Mazkur ko‘rgazmalar doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi arxivlarida saqlanayotgan, ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni yorituvchi noyob hujjatlar ilk bor keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. 

Noyob manbalar nafaqat arxiv sohasi mutaxassislari, balki yosh tadqiqotchilar, talabalar, tarix ixlosmandlari uchun ham katta qiziqish uyg‘otish bilan birga, ma’naviy va madaniy qadriyatlarni asrash, tarixiy xotirani jonlantirish borasida katta tarbiyaviy va strategik ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida yangi sahifa ochdi.

[gallery-24856]

Tadbir doirasida “O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida madaniy hamkorlik arxiv foto hujjatlarida” nomli noyob kitob-albom taqdimoti ham o‘tkazildi. Mazkur kitob-albomda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi turli davrlardagi madaniy aloqalar to‘g‘risida hikoya qiluvchi foto arxiv hujjatlar o‘rin olgan. Shuningdek, kitob-albomda O‘zbekiston va Qozog‘iston arxivlaridagi foto hujjatlar jamlangan bo‘lib, u keng jamoatchilik, akademik doiralar, xalqaro va milliy ekspert hamjamiyati vakillari, davlat idoralari xodimlari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, talabalar, pedagoglar, umuman tarixga, madaniyatga qiziqadigan har bir kishi uchun foydali ma’lumotlarga boy xususiyatga ega.

Tadbirning markaziy va eng muhim qismini “Axborot jamiyatida arxivlar o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etdi. Ushbu anjuman – O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, arxivlar sohasidagi strategik hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Anjumanda ikki davlatning arxiv sohasi bo‘yicha yetakchi mutaxassislari, olimlar, tarixchilar, hujjatshunoslar, axborot texnologiyalari sohasi vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi. Tadbirda zamonaviy axborot jamiyatida arxivlarning o‘rni, tarixiy hujjatlarning raqamlashtirilishi, hujjatlarni saqlashning zamonaviy mexanizmlari, ochiqlik siyosati va fuqarolik jamiyati uchun arxivlarning ahamiyati yuzasidan dolzarb mavzular muhokama qilindi.

Anjuman davomida arxiv sohasidagi innovatsion yondashuvlar, xususan, raqamlashtirish va raqamli arxivlar platformalari bo‘yicha tajriba almashildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston arxivlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, qo‘shma loyihalar va akademik almashinuvlar muhokama qilindi. 

Mazkur xalqaro anjuman ilk bor tashkil etilib, u O‘zbekiston hamda Qozog‘iston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik tarixida muhim sahifa ochdi. Tadbir ishtirokchilari ushbu tashabbusni har ikki mamlakat arxivchilari o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional bosqichga olib chiqish yo‘lida mustahkam asos sifatida baholadi.

Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Hukumat apparati, Madaniyat va axborot vazirligining Arxivlar, hujjatlashtirish va kitob ishi qo‘mitasi, davlat arxivlari, shuningdek, Qozog‘iston Prezidenti arxivi vakillaridan iborat rasmiy delegatsiya ham ishtirok etdi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/SOZiqBueKPY?si=Wyog0ZBPfT-e3JdE" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.