O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha 2025 yil yanvar–iyun oylarida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2024 yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada oshgan.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahri eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lib, o‘rtacha ish haqi 10 138,4 ming so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,8% o‘sish demakdir.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatida o‘rtacha oylik ish haqi 4 789,8 ming so‘mga (18% o‘sish);
Jizzax viloyatida 4 476,8 ming so‘m (17%);
Farg‘ona viloyatida 4 443,8 ming so‘m (16,9%);
Namangan viloyatida 4 350,1 ming so‘m (16,6%) va Surxondaryo viloyatida 4 256,5 ming so‘m (16,1%)ni tashkil etgan.
Bundan tashqari, Andijon viloyatida o‘rtacha oylik ish haqi 4 935,3 ming so‘m (11,0%);
Navoiy viloyatida — 7 486,4 ming so‘m (13,4%);
Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 4 757,2 ming so‘m (14,2%);
Qashqadaryo viloyatida — 4 148,3 ming so‘m (14,3%);
Buxoro viloyatida — 4 787,3 ming so‘m (14,8%);
Toshkent viloyatida — 5 674,4 ming so‘m (15,3%);
Xorazm viloyatida — 4 720,1 ming so‘m (15,6%) hamda Samarqand viloyatida — 4 435,4 ming so‘m (15,8%)ni tashkil etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqlari bo‘yicha hududlar kesimida yetakchilikni Toshkent shahri saqlab qolmoqda.
Shu bilan birgalikda, Sirdaryo, Jizzax, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ham sezilarli o‘sish sur’atlari kuzatilgan. Andijon va Navoiy viloyatlarida o‘sish sur’ati nisbatan pastlagan.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, ish haqi o‘sishi mamlakat iqtisodiy faolligi hamda mehnat bozoridagi barqarorlikning yaqqol ko‘rsatkichi hisoblanadi.
M.Eshmirzayeva,
O‘zA