Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish, shuningdek, sog‘lom ovqatlanish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yanada takomillashtirib kelinmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2020 yil 25 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasi aholisining yoshiga, jinsiga va kasbiy faoliyat guruhlari uchun sog‘lom ovqatlanishni ta’minlashga qaratilgan o‘rtacha kunlik ratsional ovqatlanish me’yorlari” bo‘yicha gigiyenik normativlar tasdiqlandi.
Mazkur sanitariya qoida va me’yorlari so‘nggi yillarda olingan aholining ovqatlanishi borasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari va nutritsiologiya fanining yutuqlarini inobatga olgan holda tuzildi.
Ayollarda asosiy modda almashinuvi erkaklarga nisbatan pastligi va jismoniy faollik o‘lchamlari kamroq bo‘lganligi sababli, bir xil kasb sohasida erkaklar va ayollar uchun ovqatlanish normativlari farq qiladi. Shu sababli taklif qilinayotgan ratsional ovqatlanish normativlari inson mehnatining og‘irligi va kasb guruhlari asosida, mamlakatimizning iqlimi va ovqatlanishdagi milliy xususiyatlarini inobatga olgan holda quvvatga va asosiy oziq-ovqat moddalariga bo‘lgan fiziologik ehtiyojini qondirishga qaratilgan guruhlarga bo‘lindi.
Ratsional ovqatlanishning asosi kunlik iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri tashkillashtirish hisoblanadi. Mazkur normativlarda bu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Sog‘lom turmush tarzining asosiy tamoyillaridan biri esa to‘g‘ri ovqatlanishdir. Shunday ekan, sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilgan inson sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini yoddan chiqarmaylik.