Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘rta va oliy tibbiy ma’lumotga ega tibbiyot xodimlari Germaniyada ishlash va tajriba orttirishi mumkin
16:56 / 2022-07-09

Joriy yilning aprel oyidan Toshkentdagi 1-Respublika, Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida PFLEGE.UZ dasturi doirasida o‘rta tibbiyot xodimlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

PFLEGE.UZ dasturidan ko‘zlangan maqsad esa mamlakatimiz tibbiyot yo‘nalishida ta’lim olgan o‘rta va oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislarni Germaniyada ishlashga yo‘llash, o‘qitish va ishga joylashtirishga qaratilgan. 

Germaniyadagi “OPASCA GmbH”  kompaniyasi PFLEGE.UZ dasturining mamlakatimizdagi koordinatori Aleksey Arapov tashkil etilayotgan o‘quv jarayonlari haqida ma’lumot berdi. 

 – O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Toshkentdagi Gyote instituti bilan hamkorlikda ushbu dasturni amalga oshiryapmiz, – dedi A.Arapov. – Joriy yilning aprel-may oylarida Toshkentdagi 1-Respublika, Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida dastur bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilyapti. 10 oyga mo‘ljallangan mashg‘ulotlar o‘zida 1490 soatni  qamrab oladi. Shuningdek, reja bo‘yicha Yunusobod va  Andijon Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari hamda Xorazm, Samarqand viloyatlarida o‘quv kurslarini joriy etish ko‘zda tutilgan.  Ayni kunlarda to‘rtta guruhda mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Dastur bo‘yicha o‘quvni muvaffaqiyatli tugatgan o‘rta va oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar Germaniyada ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu mamlakatda ishlash istagida bo‘lgan tibbiyot xodimlari 10 oy davomida nemis tilini A1, A2, B1, B2 darajada o‘qitiladi. Yakuniy sinov Toshkentdagi Gyote instituti mutaxassislari tomonidan olinadi. 

Dastur talabi bo‘yicha nemis tilini A1, A2  darajada egallash uchun  o‘qish istagida bo‘lgan tibbiyot xodimining o‘zi to‘lovni amalga oshiradi. Nemis tilini  B1, B2 darajada o‘qitish, ishga yo‘llash va joylashtirish esa Germaniya tomonidan qoplanadi. 

– Mazkur o‘quv dasturi tartib va talablari menga juda ma’qul bo‘ldi, –dedi 1-Respublika Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi uchinchi bosqich talabasi Jasurbek Tulegenov. – Qaysidir ma’noda, menga omad ham kulib boqdi. Negaki, bir nechta tilda bemalol gaplasha olaman. Nemis tilini ham katta qiziqish bilan o‘rganyapman. Bunda menga Toshkentdagi Gyote instituti o‘qituvchilari metodikasi va o‘qitish uslublari yaqindan yordam beryapti. Hozir nemis tilini A1 darajada o‘rganib, sertifikat oldim. Maqsadim tibbiyot yo‘nalishida xorijda ishlash va o‘qishni davom ettirishdir. 

Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi O‘quv metodik bo‘limi boshlig‘i, PFLEGE.UZ dasturining ushbu o‘quv dargohidagi koordinatori Murod Shoqosimovning ta’kidlashicha, bu yerda ikki guruhda  mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. 

 – Birinchi guruhda nemis tilini o‘rganayotgan o‘rta tibbiyot xodimlari nemis tilini A1 darajasi sertifikatini oldi. Hozir ular ikkinchi bosqichda o‘qishni davom ettirmoqda. Ikkinchi guruhdagilar esa birinchi bosqichda nemis tilini o‘rganmoqda. Yakuniy sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan tibbiyot xodimlari Germaniyadagi klinika, tibbiy muassasa va vasiylik xizmatlarida uzoq muddatda ishlash imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Ayni chog‘da dasturga qiziqish bildirgan tibbiyot xodimlari  bilan muloqot olib borayapmiz, – dedi M.Shoqosimov. 


Nasiba ZIYODULLAEVA,  O‘zA