Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘rta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish sifati oshmoqda (+video)
16:13 / 2023-10-28

Tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratish, xususan, o‘rta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish asosiy vazifalardan biridir. Bu aholi salomatligini mustahkamlashning eng muhim jihati hisoblanadi.

Navoiy viloyatida o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish muassasasi 1996 yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Cog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan tashkil etilgan.  

– Dastlab “O‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish bilim yurti” deb nomlangan muassasaga Karmana tuman suv xo‘jaligi bo‘limi tasarrufidagi binodan oltita xona ajratilgan, – deydi Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Navoiy filiali direktori Vali To‘raqulov. – Keyinchalik 2000 yil boshlarida viloyat hokimining qaroriga asosan Navoiy shahri Sputnik qo‘rg‘onidagi vaxta tipida qurilgan “Vrach- internalar yotoqxonasi” binosi o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish bilim yurti uchun ajratilgan. Shu o‘rinda aytish kerak, filialda amaliy laboratoriya mashg‘ulotlari va o‘quv xonalarining yetishmasligi sababli o‘quv jarayoni ikki bosqichda olib borilgan. Bu esa tumanlardan qatnaydigan tinglovchilar uchun muammolar keltirib chiqarardi.  

[gallery-14269]

Joriy yilda 14,5 milliard so‘m byudjet mablag‘lari evaziga yangi bino bunyod etildi. 600 o‘rinli o‘quv xonalarida o‘rta tibbiyot xodimlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Hozir 100 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona qurilishi davom etmoqda.

Ayni paytda ushbu muassasada viloyat bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 15 ming 773 nafardan ortiq, jumladan, sog‘liqni saqlash tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalarining 12 ming 716 nafar, sog‘liqni saqlash tasarrufidan tashqari davolash- profilaktika muassasalarining 1 ming 701 nafar va xususiy sektorlarning 1 ming 356 nafar o‘rta tibbiyot xodimi uzluksiz ta’lim olishi mumkin.  

Hamshiralarning malaka oshirishi uchun arizalar elektron tizim orqali qabul qilinadi. Hujjatlar maxsus tizim orqali tekshirilib, kamchiligi bo‘lsa, qaytariladi. Bugungi kunda filialda har yili besh mingdan ziyod o‘rta tibbiyot xodimining malakasini oshirish va qayta tayyorlash imkoniyati bor.

– Men 2019 yildan buyon viloyat endokrinologiya dispanserida renimatsiya hamshirasi bo‘lib ishlayman, – deydi Gulniso Hakimova. – Joriy yilning 3 oktyabridan buyon shu yerda malaka oshirish kursida o‘qimoqdaman. Bu yerda hamshiralarning bilim va malakasini oshirishi uchun barcha sharoit mavjud. Olgan nazariy bilimlarimizni simulyatsiya xonalaridagi mulyajlarda amaliyotda sinab ko‘ramiz. Albatta, olgan bu bilimlarimiz faoliyatimizda bemorlarga muolaja qilganimizda foydasi tegadi.  

Muassasada o‘rta tibbiyot xodimlarining sohaga oid nazariy bilimini amaliyot bilan mustahkamlashi uchun barcha imkoniyat, jumladan, 80 turdagi 200 dan ortiq mulyaj va tibbiy jihoz mavjud. Shuningdek, joriy yilning iyun oyida “Tashabbusli byudjet” loyihasi hisobidan yana 42 turdagi mulyaj  keltirildi.  

Hozir filialda 37 ta yo‘nalish bo‘yicha malaka oshirish va 47 ta yo‘nalishda ixtisoslashtirish tizimida o‘qitish ishlari olib boriladi. Amaliy darslarning barchasi  simulyatsiya trening xonalarida olib boriladi.  

– Tinglovchilarda darsdan tashqari vaqtlarda foydalanish, mustaqil mavzularni o‘rganib borish imkonini beruvchi “Onlayn tizimda hamshiralar malakasini oshirish” innovatsion loyihasi asosida www.hamshiramalaka.uz onlayn va offlayn tizimida elektron malaka oshirish tizimi ishga tushirilgan, – deydi filial o‘qituvchisi Munira Nurillayeva. – Tizimda viloyat bo‘yicha jami 29 ta davolash- profilaktika muassasasi va o‘rta tibbiyot xodimlarining masofadan o‘qishi va tizimga kirishi uchun har bir tibbiyot xodimiga login va parol ajratilgan. Hozir www.hamshiramalaka.uz tizimidan foydalanuvchilar soni o‘n ming nafardan ko‘proqni tashkil etadi. Shu bilan birga, “Onlayn test tizimi” yaratilgan bo‘lib, u tinglovchilarning tizimga real vaqtda ulanib, bilimlari baholab borilishini avtomatlashtirishga qaratilgan. Tizimga 37 ta malaka oshirish yo‘nalishi bo‘yicha test savollari kiritilgan.  

Filialda 50 o‘rinli kutubxona bo‘lib, 17 ming donadan ziyodroq turli kitob va qo‘llanma  mavjud.

– Kutubxonamizda foydalanuvchilar uchun barcha sharoit mavjud, – deydi filial kutubxonachisi Zulayho Haqqulova. – Kompyuterlarimizning barchasi internetga ulangan. O‘qituvchilarimiz va malaka oshirishga kelgan o‘rta tibbiyot xodimlari bemalol foydalanishi mumkin. 3400 ga yaqin kitoblarning elektron varianti bor. “QR­kod” orqali kitob yuklab olish imkonini beradigan “books.hamshiramalaka.uz” tizimining dasturiy ta’minoti yaratilib, filial serveriga yuklangan kitoblarning elektron shaklini olish imkonini beradigan elektron kitob javoni o‘rnatilgan.  

Bugungi kunda filialda kadrlar tayyorlashning sifatini yanada yaxshilash, ayniqsa, xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida 12 ta davlat bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning 6 tasi bilan memorandum imzolangan.

– 2022­-2023 yillar davomida Yaponiyaning “AOIKAI Medikal Corporation” tashkiloti bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzolandi, – deydi filial direktori Vali To‘raqulov. – Shuningdek, Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti professori, Yevroosiyo salomatlik va ijtimoiy tadqiqotlar amaliy va tadqiqot Markazi direktori Aynur Feyziog‘lu bilan tibbiy ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik yuzasidan uchrashuv o‘tkazdik. Uchrashuvda Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti professor- o‘qituvchilari tomonidan filialda ma’ruzalar va amaliy seminarlar o‘tkazilishi hamda pedagog xodimlar salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilinib, hamkorlik memorandumi imzolandi.

<iframe width="640" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/WPNqkE9TkZ0" title="Ўрта тиббиёт ходимлари малакасини ошириш сифати ошмоқда" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Tizimda bugun olib borilayotgan islohotlar inson salomatligini asrab-avaylashga xizmat qilmoqda. Albatta, inson sog‘-salomat, oilasi tinch bo‘lsa, o‘ylagan rejalarining barchasiga erishishga harakat qiladi. Zero, jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk insongina yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligini ta’minlashga munosib hissa qo‘sha oladi. Bunda esa tibbiyot xodimlarining o‘rnini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.  

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat+video),

O‘zA muxbirlari