O‘zbekiston “Adolat” SDPning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholi bandligi va tadbirkorlik sohalaridagi vaziyatni o‘rganish, mavjud muammolarni muhokama qilish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish maqsadida joylarda faol ish olib bormoqda.
Xususan, deputat Behzod To‘xtamurodov hamda partiya Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Ozoda Parpibayeva O‘rta Chirchiq tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy holat bilan yaqindan tanishdi. Dastlabki manzil tumanning 42-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi bo‘ldi. Hozir 320 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu ta’lim maskanida 600 nafar o‘quvchi bo‘lib, ularga 38 pedagog tahsil bermoqda.

Maktab 2021 yilda ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan bo‘lsa, 2023 yildan e’tiboran “Bir kasb – ikki til” dasturi asosida xitoy tili ham o‘qitila boshlandi. Bu yerda o‘quvchilarning til o‘rganishi, kasb egallashi va zamonaviy bilim olishi uchun barcha sharoit mavjud.

Deputat va partiya vakillari “Manneyev Agro Klaster” MCHJ faoliyati bilan ham tanishdi. Korxona 2022 yil mart oyidan qo‘ziqorin yetishtirishga ixtisoslashgan bo‘lib, bugungi kunda 78 nafar doimiy ishchi mehnat qilmoqda. Shuningdek, 500 ta xonadon kooperatsiya asosida ishga jalb etilgan, natijada 1 ming 516 nafar aholi bandligi ta’minlanmoqda. Korxona yiliga 120 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, yillik daromadi 3 milliard so‘mni tashkil etadi.

Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida “Oilaviy tadbirkorlik”, “Biznesga birinchi qadam” va “Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish” dasturlari amalga oshirilmoqda. Xususan, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida 70 nafar fuqaro qo‘ziqorinchilikka jalb etilgan. “Do‘stlik” mahallasidagi aholi asosan tomorqada yetishtirilayotgan qulupnay, qo‘ziqorin, sabzavot va mevalar hisobidan daromad oladi.
Uchrashuvlarda tadbirkorlar o‘z muammolari bo‘yicha murojaat etdi va ularni bartaraf etish bo‘yicha deputat tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda yechim topiladigan bo‘ldi. Shuningdek, mahalla faollari bilan muloqotda korrupsiyaga qarshi kurashish, ortiqcha to‘y-hashamda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, halollik va shukronalik bilan hayot kechirish masalalari muhokama qilindi.

O‘rganishlar yakunida mas’ullar Toshkent viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazining tuman bo‘limida bo‘lib, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar bilan suhbatlashdi. Ularda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar hamda yangi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
A.Musayev, O‘zA.