G‘alla – 2021
O‘rta Chirchiq tumani g‘allakorlari 11 ish kunida 23 ming 149 tonnadan ortiq tovar don tayyorlab, Toshkent viloyati g‘allakorlari ichida birinchi bo‘lib belgilangan rejani bajardi.
Xususan, ulkan xirmonni yaratishga “Do‘stlik”, “Yangi to‘lqin”, "Sof oq oltin", "Navoiy" va "Qaytmas" hududi fermerlari shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajarib, g‘alabaga ulkan hissa qo‘shdi.
Ta’kidlash joizki, aksariyat fermer xo‘jaliklari dalalarida hosildorlik gektar hisobiga 70-75 sentnerga yetdi. Tumanning barcha hududlarida dolzarb yumush uyushqoqlik bilan tashkil etilgan.
Hozir joylarda urug‘lik don hosilini o‘rib-yig‘ib olish ishlari davom etmoqda.
Qayd etish lozimki, Toshkent viloyatida joriy yil hosili uchun 106 ming 495 gektar maydonda g‘alla parvarishlangan bo‘lib, 267 ming 462 tonna shundan, 239 ming 960 tonna tovar don, 27 ming 502 tonna urug‘lik g‘alla hosilini olish rejalashtirilgan.
A.Musayev, O‘zA