Bugungi globallashuv davrida biz “brend” tushunchasiga ko‘p duch kelamiz. Biror mahsulotning nomi uning sifati, nufuzi va qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan timsolga aylanadi.
Xo‘sh, ajdodlarimiz ham shunday global brendlar yarata olganmi? O‘rta asrlarda, hozirgidek marketing va reklama texnologiyalari bo‘lmagan bir davrda, oddiy bir o‘zbek qishlog‘ida ishlab chiqarilgan mahsulot butun dunyoga mashhur bo‘lib, podshohlar va aslzodalarning orzusiga aylanishi mumkinmidi? X asr tarixchisi Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asari bu savollarga “ha” deb javob beradi va bizga “Zandaniychi” deb nomlangan o‘rta asrlarning haqiqiy lyuks brendi haqida hikoya qiladi.
Narshaxiyning yozishicha, Buxoro yaqinida Zandona degan katta bir qishloq bo‘lgan. Bu qishloq o‘zining mustahkam qal’asi, gavjum bozori va jome’ masjidi bilan ajralib turgan. Ammo uning asosiy shuhrati bu emasdi. Zandonada shunday bir ajoyib sifatli gazlama to‘qilardiki, u butun Sharqu G‘arbda “zandaniychi”, ya’ni “Zandona qishlog‘idan chiqarilgan” nomi bilan dong taratgan.
Bu matoning sifati shu qadar yuqori ediki, u tez orada oddiy hunarmandchilik mahsuloti chegarasidan chiqib, haqiqiy san’at asariga, hashamat va yuksak mavqe belgisiga aylandi. Narshaxiyning guvohlik berishicha, bu mato nafaqat Buxoro va uning atrofida, balki uzoq o‘lkalarga ham eksport qilingan. Iroq, Fors, Kermon va hatto Hindiston kabi mamlakatlarning savdogarlari karvonlar tuzib, aynan shu matoni xarid qilish uchun Zandonaga kelishardi. Eng hayratlanarlisi, “barcha ulug‘lar va podshohlar undan kiyim qiladilar va ipakli kiyimlik bahosida sotib oladilar”. Bu – oddiy paxta tolasidan to‘qilgan gazlamaning o‘sha davrning eng qimmatbaho matosi bo‘lgan ipak bilan bir narxda sotilganini anglatadi. Bu “Zandaniychi” brendining qanchalik yuksak qadrlanganidan dalolat beradi.
“Zandaniychi”ning muvaffaqiyati shunda ediki, u o‘z davri uchun noyob bo‘lgan bir necha jihatni o‘zida birlashtirgan edi: yuksak sifat, chidamlilik va go‘zal dizayn. Narshaxiy Buxorodagi boshqa bir to‘quvchilik ustaxonasi haqida ham ma’lumot berib o‘tadi. Bu ustaxona ark va shahriston o‘rtasida joylashgan bo‘lib, unda Bag‘doddagi xalifaning o‘zi uchun maxsus gilamlar, pardalar va boshqa qimmatbaho buyumlar tayyorlangan. Hatto xalifa har yili Buxoro xiroji (solig‘i) evaziga pul o‘rniga aynan shu ustaxonada tayyorlangan mahsulotlarni olgan. Bu faktlar Buxoro to‘qimachiligining umumiy saviyasi o‘sha davrda dunyoda eng ilg‘orlardan biri bo‘lganini ko‘rsatadi.
“Zandaniychi”ning shuhrati shu darajaga yetdiki, Buxoroning boshqa ko‘plab qishloqlarida ham unga taqlidan matolar to‘qila boshlandi. Qizig‘i shundaki, ular ham o‘z mahsulotlarini “zandaniychi” deb atay boshlashdi. Bugungi til bilan aytganda, bu – brend nomining umumiy tur nomiga aylanishi hodisasidir. Bu hodisa faqatgina o‘ta muvaffaqiyatli va o‘z sohasida standartlarni belgilab bergan mahsulotlar bilan sodir bo‘ladi. Ya’ni, “zandaniychi” so‘zi endi shunchaki joy nomini emas, balki ma’lum bir sifat standartini, o‘ziga xos uslubni va yuksak did belgisini anglatadigan umumiy atamaga aylangan.
Buxoro hunarmandlari nafaqat yuksak sifatli mahsulot yaratish, balki uning nufuzini asrlar davomida saqlab qolish va butun dunyoga tarqatish san’atini ham mukammal egallagan edilar. Savdogarlar bu qimmatbaho matoni Shom (Suriya), Misr va hatto Rum (Vizantiya) shaharlarigacha olib borishgan. Narshaxiyning alohida ta’kidlashicha, Xurosonning birorta shahrida buxorolik ustalarnikiga teng keladigan darajada sifatli mato to‘qiy olishmagan.
Shunday qilib, “Zandaniychi” – bu shunchaki matoning nomi emas. Bu – ajdodlarimizning tadbirkorlik dahosi, hunarmandchilik salohiyati va sifatga bo‘lgan yuksak e’tiborining yorqin timsolidir. Bu tarix bizga shuni o‘rgatadiki, haqiqiy qadriyat, mehnat va mahorat bilan yaratilgan mahsulot hech qanday reklamasiz ham dunyo bozorlarini zabt etishi, asrlar osha o‘z nufuzini saqlab qolishi va butun bir millatning g‘ururiga aylanishi mumkin.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA