Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘rta asrlarda pulning qadrsizlanishiga qarshi qanday kurashilgan?
09:18 / 2026-01-09

Iqtisodiy inqirozlar, inflyatsiya va pul qadrining o‘zgarishi faqat zamonaviy dunyoga xos bo‘lgan hodisalar emas. O‘rta asrlarda ham davlatlar murakkab moliyaviy muammolarga duch kelgan va ularni hal etish uchun o‘ta nozik, ba’zan esa hayratlanarli darajada omilkor usullarni qo‘llagan. Shunga o‘xshash usullardan biri – mavjud tangalarga maxsus tamg‘a urish orqali ularning qiymatini o‘zgartirish yoki muomala huquqini uzaytirish amaliyoti edi. XV asr oxiri va XVI asr boshlarida Movarounnahrda kuzatilgan “mis pullarning qadrsizlanishi” davrida bu usul davlat moliya siyosatining asosiy quroliga aylandi.

Mirzo Ulug‘bekning 1428 yildagi islohotidan so‘ng ma’lum muddat barqaror bo‘lgan pul muomalasi XV asr oxirlariga kelib yana izdan chiqa boshladi. Buxoro zarbxonasidan chiqqan haddan tashqari ko‘p miqdordagi mis tangalar bozorni to‘ldirib yubordi. Buning ustiga, tangalarning vazni turlicha bo‘lib, yengil vaznli tangalar ko‘payib ketdi. Bu holat tabiiy ravishda narx-navoning oshishiga va pulga bo‘lgan ishonchning pasayishiga olib keldi.

Shunday vaziyatda hukumat qanday yo‘l tutdi? Yangi tangalarni zarb qilish – qimmat va ko‘p vaqt talab qiladigan jarayon. Uning o‘rniga o‘sha davr moliyachilari tejamkor va tezkor yechimni topdilar: tangalarni qayta eritib o‘tirmasdan, ularning ustiga yangi tamg‘a urish. Bu kichik belgi tanganing qonuniy kuchini tiklash, uning kursini belgilash yoki ma’lum bir hududda muomalada bo‘lishiga ruxsat berish vazifasini o‘tagan.

Manbalarga ko‘ra, tamg‘a urish jarayoni bir necha maqsadlarga xizmat qilgan. Birinchidan, bu inflyatsiyani jilovlash vositasi edi. Bozordagi ortiqcha pul massasini kamaytirish uchun hukumat ma’lum tangalarni muomaladan to‘xtatishi yoki faqat maxsus tamg‘asi bor tangalarnigina haqiqiy deb e’lon qilishi mumkin edi. Ikkinchidan, bu xazina uchun katta daromad manbai bo‘lgan. Aholi o‘z qo‘lidagi tangalarga tamg‘a urdirish uchun soliq to‘lagan. Bu jarayon davlatga hech qanday metall sarflamasdan turib, sof foyda olish imkonini bergan.

Tamg‘alardagi yozuvlar ham diqqatga sazovor. Ularda ko‘pincha “adl” (adolatli, to‘g‘ri), “ravoj” (muomalada yuruvchi) yoki “beh” (yaxshi) kabi so‘zlar, ba’zan esa “nimdangi” (yarim tanga) kabi qiymatni bildiruvchi atamalar tushirilgan. XVI asr boshlarida, Shayboniylar davrida ham bu an’ana davom ettirildi. Ayniqsa, Hisor mintaqasida va Markaziy Movarounnahrda turli xil tamg‘alar orqali mahalliy bozorlar himoya qilingan va viloyatlar o‘rtasidagi pul oqimi tartibga solingan.

Bu jarayonning yana bir qiziq jihati shundaki, hukumat aholiga qulaylik yaratish maqsadida nafaqat yirik shaharlarda, balki kichik qishloqlar va tumanlarda ham vaqtinchalik zarbxona shoxobchalarini tashkil etgan. Bu haqda manbalarda Axsi, Shohruhiya, Zomin va hatto Kufin kabi kichik shaharlarda ham tangalarga tamg‘a urilgani qayd etilgan. Bu esa davlat boshqaruvining naqadar keng qamrovli va xalqqa yaqin bo‘lganini ko‘rsatadi.

Bu siyosat – o‘rta asr davlatchiligining moliyaviy inqirozlarga qarshi qo‘llagan taktikasi edi. Bu usul iqtisodiy chayqalishlar paytida bozorni barqarorlashtirish, pul massasini nazorat qilish va xazina daromadlarini ta’minlash imkonini berdi. Eng muhimi, mazkur tadbirlar orqali davlat o‘z iqtisodiy hududini himoya qilish va yagona moliyaviy tizimni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA